Insonlarning dardu tashvishlarini o‘ylab yashash – odamiylikning eng oliy mezonidir

2017-02-28

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda xalq bilan muloqot qilish va murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha yangi tizimga asos solindi

Inson hayotga bir marta keladi, baxtli yashashni istaydi va uning bunga to‘la haqqi bor. Xalqimizning huquqiy demokratik davlat va adolatli fuqarolik jamiyati qurish yo‘lidagi ezgu sa’y-harakatlaridan ko‘zlangan maqsad-muddao ham aslida shu: bugungi kunimiz kechagidan, ertamiz bugungi kunimizdan ko‘ra baxtli va farovon bo‘lishiga erishish. Ana shunday ulug‘ va xayrli maqsadlarimizning ro‘yobga chiqishi ko‘p omil va mezonlarga bog‘liq. Ammo ularning ichida hayotimizda adolatni qaror toptirish eng zaruriy shart hisoblanadi. Zotan, ijtimoiy adolat ta’minlangan davlatda xalqning bunyodkorlik salohiyati, yaratuvchanlikka intilishi va ishtiyoqi hosil beraveradi.

Shu ma’noda mustaqil Vatanimiz tarixida, xalqimiz hayotida yana bir yangi davr, yangi taraqqiyot bosqichi boshlandi, deyishga barcha asosimiz bor. Strategik maqsadlarimiz aniq va ravshan – demokratik, insonparvar davlat qurish, erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, Vatanimiz iqtisodiy qudratini yuksaltirish, pirovardida, xalqimizni hayotdan rozi qilish, uning yanada farovon yashashi uchun barcha shart-sharoitni yaratish. Bunday yuksak marralarga xalq bilan muloqot qilib, odamlarning ichiga kirish, ularning dardu tashvishlari bilan yashash, inson manfaatlarini ta’minlash orqaligina erishish mumkin.

Binobarin, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev xalq bilan faol va ochiq muloqot olib borish, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash borasida asos solgan yangi tizim – Xalq qabulxonalari instituti ijtimoiy adolatni ta’minlash borasida o‘zbekona hayot falsafasi va milliy davlatchilik maktabiga xos barhayot an’analarning yangi taraqqiyot bosqichi bo‘lish bilan birga, mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish yo‘lidagi strategik maqsadlarga erishishning qudratli vositasiga aylanmoqda.

Kengashli to‘y tarqamas

Xalqimizda ezgu bir an’ana bor: har qanday ishni boshlashdan avval maslahat qilinadi. Bunda kayvoni-yu keksalardan, yoshlardan ham fikr so‘raladi. Turli mulohazalar tinglanadi, munosabatlar hisobga olinadi. Har bir qarash, taklif chuqur muhokama qilinadi – do‘ppini boshdan olib qo‘yib, atroflicha kengashiladi. Aql – tarozi, ko‘ngil qozi bo‘ladi: ko‘riladigan tadbirning foydasi va zarari taroziga qo‘yilib, obdon tortiladi. Aqlli tadbirlar taqdirga mos keladi: eng to‘g‘ri qaror, adolatli yechim ana shunday muhokamalar asnosida tanlanadi. Bu – haqiqat bahslarda tug‘iladi, degani.

Bunday qadriyatlar yo‘q joydan o‘z-o‘zicha paydo bo‘lib qolmagan, albatta. Zero, har qaysi xalq yoki millatning tafakkuri, turmush tarzi, ma’naviy qadriyatlari aniq tabiiy, tarixiy va ijtimoiy omillar negizida vujudga keladi, rivoj topadi. Shu ma’noda jamoa bo‘lib yashash tuyg‘usi xalqimiz uchun umr qoidasiga aylanib ketgani bejiz emas. Ya’ni, zaminimizda istiqomat qiladigan odamlarning bir oila, bir mahalla, bir xalq bo‘lib yashashi obyektiv zarurat – tabiatning o‘zi, hayotning o‘zi bizni shu ruhda tarbiyalagan.

Bunday hayot tarzi, tabiiyki, o‘zaro muloqotga, muloqot esa qizg‘in muhokama – kengashga, har bir masalada adolatli va oqilona hukmga yo‘l ochadi. Xalqimiz bunday qadriyatlarga asoslanib, avvalo, ijtimoiy adolatga intilib kelgan.

Kuch – adolatda

Sohibqiron bobomiz Amir Temur kuch-qudrat adolat, hamjihatlik va hamkorlikda mujassam ekanini anglab-anglatib yashagan. U zotning davlat muhrida bitilgan “Kuch – adolatda” hikmati haqiqatparvarlik va rostlik inson kuchiga kuch qo‘shishi, o‘z navbatida, kuchli shaxs hamisha haqgo‘y bo‘lishini anglatadi.

«Odamiy ersang, demagil odami, onikim, yo‘q xalq g‘amidin g‘ami» hikmatini hayot qoidasiga aylantirgan Alisher Navoiy ham, «Bori elga yaxshilig‘ qilg‘ilki, mundin yaxshi yo‘q», deya taqdir va tadbirni birlashtirgan Zahiriddin Muhammad Bobur ham oddiy odamlar bilan doimiy muloqot qilib, ularni qiynayotgan muammolarni hal etishni oliy maqsad, hayot mazmuni, deb bilgan. Bu borada necha-necha avlodlarga o‘rnak va ibrat bo‘larli buyuk meros qoldirgan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev asos solgan xalq bilan muloqot, murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha yangi tizim, Xalq qabulxonalari instituti o‘zbek davlatchilik maktabiga mansub adolatparvarlik, haqiqatni amalda ta’minlash borasidagi ana shunday ulug‘ an’analar ildizlaridan quvvat oladi. Davlatimiz rahbari bugun kuyib-yonib barchamizni xalq qalbiga quloq solishga, odamlarning dard-tashvishlarini astoydil tinglashga, muammolarini hal etishda amaliy yordam berishga da’vat etayotgani, bu borada ayrim katta-kichik amaldorlarning ongida toshday qotib qolgan eskicha qarashlarni tag-tomiri bilan qo‘porib, uning o‘rniga xalq talab va istaklari asosida ishlash prinsiplarini hayotimizda chuqur joriy qilishga qat’iyat bilan harakat qilayotgani buyuk shoirimiz aytganidek, quchoq ochib xalq ichiga borish, uning armonlarini ushaltirish, orzularini ro‘yobga chiqarishdek ulug‘ maqsadlarga qaratilgan.

Rahbarlarga xalqning o‘zi baho beradi

2016-yil 24-sentabrda O‘zbekiston hukumati portalida Bosh vazirning virtual qabulxonasi ochilishi murojaatlar bilan ishlash tizimini bugungi shiddatli XXI asr talablariga mos holda takomillashtirish imkonini berdi. Hukumat rahbari bilan oddiy odamlar o‘rtasida hech qanday vositachilarsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot yo‘lga qo‘yildi. Shu bois ham mazkur virtual qabulxona ishga tushgan kuniyoq mamlakatimizning turli joylaridan mingga yaqin ariza, shikoyat va takliflar kelib tushdi.

Ko‘p o‘tmay, barchamiz guvoh bo‘ldikki, aksariyat muammolarni nisbatan qisqa vaqt ichida samarali, eng muhimi, qonun doirasida hal qilsa bo‘lar ekan. Buning uchun xohish va iroda, hayotdagi o‘tkir muammolarga tik qaray olish, ularni bartaraf etishning ta’sirchan yo‘llarini topish talab etiladi.

Har qanday davlat rahbari ham adolatsizlik holatlari, xalqni qiynab kelayotgan og‘ir muammolarni ro‘y-rost kun tartibiga qo‘yib, «endi, kelinglar, vaziyat shunday ekan, deya qo‘l qovushtirib o‘tirmasdan ana shu kamchiliklarni bartaraf etaylik», deb, bunda avvalo o‘zi o‘rnak va namuna bo‘lib, jon-jahdi bilan bu ishga kirishavermaydi. Buning uchun insonda katta yurak, o‘z xalqi, o‘z Vatani taqdiri uchun mas’uliyat va javobgarlikni chuqur his etish tuyg‘usi kuchli bo‘lishi kerak.

Virtual qabulxona ochilgunga qadar ham mamlakatimizda davlat organlarining «Ishonch telefoni», Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali mavjud edi. Bu sohada maxsus “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan. Lekin, ming afsuski, bu qonun amalda to‘la ishlamaganini, uning ijrosini nazorat qilish o‘z holiga tashlab qo‘yilganini, aniqrog‘i, bu masalaga ikkinchi darajali bir ish sifatida qaralganini bugun ochiq tan olishga majburmiz.

Davlatimiz rahbari Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 24-yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida inson manfaatlarini ta’minlash uchun, avvalo, odamlar bilan muloqot qilish, ularning dardu tashvishlari, orzu-niyatlari, hayotiy muammo va ehtiyojlarini yaxshi bilish kerakligini ta’kidlar ekan, xalqimiz dilidagi, jamiyatimizdagi og‘riqli bir muammoni kun tartibiga qo‘ydi: «Biz keyingi paytda odamlar bilan muloqot qilishni unutib qo‘ydik. Ularning ichiga kirib, ochiq va samimiy gaplashish, dardini eshitish faoliyatimizda, afsuski, oxirgi o‘ringa tushib qoldi».

Shu bois yaqin-yaqingacha aksariyat odamlar o‘zi yashayotgan hududlardagi mahalliy hokimiyat idoralari rahbarlarini, vazirlarni deyarli tanimasdi. Yashirib nima qildik: ko‘pchilik katta-kichik rahbaru mutasaddilar oldiga arz qilib ikki-uch marta qatnagan odamga «yozuvchi», «arizaboz», «ig‘vogar» tarzida boshqacha ko‘z bilan qarar edi. Albatta, har qanday jamiyatda bo‘ldi-bo‘lmadi ishga darrov shikoyat yozadiganlar topiladi. Biroq ora-chora uchrab turadigan bunday kimsalar kasriga qolgan odamlarning shikoyatlarini ham e’tiborsiz qoldirish – jamiyatda muammolarning ildiz otib ketishiga sabab bo‘lishi aniq-ku!

Axir kimdir umid bilan hokim yo vazirning oldiga borsa-yu, qabuliga kira olmasa, eshigida haftalab-oylab sarg‘aysa, shundan so‘ng qo‘li biror ishga boradimi? Yoshlar-chi? Ular bilan hech kim gaplashmasa, ko‘nglida nima gapi bor – qiziqmasa, ularni o‘z «tarbiyasi»ga olishni poylab o‘tirgan soxta tarbiyachi, «hojatbaror»lar kammi?!

Agar biz bugun yoshlarimiz, farzandlarimiz tarbiyasi bilan o‘zimiz shug‘ullanmasak, ularning qalbiga quloq tutmasak, bu ish bilan xorijda qarmoq tashlab o‘tirgan boshqalar shug‘ullanadi. Bu – hayotiy haqiqat. Uni ortiqcha isbotlab o‘tirishga hojat yo‘q.

Yaqin-yaqingacha «Ishonch telefoni» yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga yuborilgan murojaatlar aksariyat hollarda yana kelgan joyiga – quyi bo‘g‘indagi idora va rahbarlarga qaytarib yuborilardi. Bu murojaat yanada pastga – yaqinda ishga olingan va tajribasiz xodimning chekiga tushgach, ahvolni o‘zingiz tasavvur qilavering. Aholi quyi bo‘g‘indagi ayrim rahbarlar qilmishidan arz qilsa-yu, bu murojaat ko‘rib chiqish uchun yana ularning o‘ziga borib tushsa, oddiy fuqaro dodini kimga aytishi, qaysi ostonaga bosh urib borishi kerak? Axir u amaldordan osh-non so‘rayotgani yo‘q-ku! Uning talabi, xohish-istaklari juda oddiy, hayotiy talablar. Eng muhimi, aksariyat hollarda ular haqli va adolatli talablar.

Suv tomib-tomib toshni yemiradi yo zang asta-sekin har qanday mustahkam po‘latni ham chiritadi. Shu ma’noda aholi murojaatlari o‘z vaqtida qonuniy va samarali hal qilinmasa, ular yig‘ilib-yig‘ilib, o‘tkir ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkinligidan ko‘z yumib bo‘lmaydi.

Murojaat, ariza, shikoyat nima o‘zi? Bu – xalq, jamiyat qanday nafas olayotganini yaqqol namoyon etadigan qaysar indikator.

Shavkat Mirziyoyev Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining VIII syezdidagi «Demokratik islohotlarni izchil davom ettirish, xalqimiz uchun tinch va osoyishta, munosib hayot darajasini yaratish – barqaror taraqqiyot kafolatidir» nomli ma’ruzasida «xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qiladigan vaqt keldi. Bundan keyin joylardagi rahbarlar faoliyatiga birinchi navbatda ular boshqarayotgan hududdagi aholidan tushayotgan murojaatlar soni, ularning xalq ichida yurishi, mavjud muammolarning amaliy yechimiga qarab baho beriladi. Qisqa qilib aytganda, rahbarlarga xalqning o‘zi baho beradi», deb ta’kidladi.

Prezidentimiz Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 24-yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda 2017-yilni yurtimizda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilarkan, «davlat organlarining fuqarolar bilan o‘zaro munosabatlari yuzasidan yondashuvni tubdan qayta ko‘rib chiqish zarur. Bu borada aholi bilan doimiy muloqot qilish, ularni qiynayotgan muammolarni hal etishning yangi mexanizmlari va samarali usullarini joriy etishimiz darkor», deb uqtirib o‘tdi.

Mana, ko‘p o‘tmay, xalqimiz bu g‘oya va tashabbuslarning amaliy natijalarini o‘z hayotida ko‘rmoqda, sezmoqda: davlatimiz rahbari barchaga o‘rnak ko‘rsatib, hududlarga safarlari davomida chekka qishloq va ovullargacha kirib borib, ijtimoiy soha obyektlari, oddiy odamlar xonadonlarida bo‘lib, yuzaga kelgan real vaziyat, aholining turmush sharoiti bilan yaqindan tanishmoqda, muammolarni bartaraf qilish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar bermoqda. Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, senatorlar, davlat organlari rahbarlari va mas’ul xodimlari ham joylarga chiqib, asl holatni o‘rganmoqda, mavjud xato va kamchiliklardan kelib chiqib, o‘z faoliyatini tahliliy-tanqidiy ko‘rib chiqishga urinmoqda. Barcha darajadagi hokimlar, prokuratura va ichki ishlar organlari rahbarlarining xalq oldida hisobot berish tizimi joriy etildi.

Bu uchrashuvlardan dastlabki xulosalar nima? Avvalo, odamlar ongida mudrab yotgan tafakkur uyg‘onmoqda, tadbirkorlik va bunyodkorlik ishtiyoqi yanada kuchaymoqda. Ular o‘z fikr-mulohazalari, o‘ylari, dard-tashvishlari, orzu-armonlari hatto Prezident darajasida qiziq, muhim va ahamiyatli ekanini anglab yetmoqda. Bugun barchamiz amin bo‘ldikki, jamiyatimizdagi asosiy muammo va kamchiliklar quyi bo‘g‘inda – pastda. Ildizlari sog‘lom daraxt ko‘kka bo‘y cho‘zib, hosil berganidek, islohotlar ham quyi bosqichlarda natija bersa, birniki mingga, mingniki tumanga tatiyveradi.

Endi bir idorada rahbar bo‘lishning mohiyat-maqsadi – masalalarni qog‘ozda hal etish yoki faqat raqamlardan iborat hisobotlar to‘ldirish emas, balki hayotning mavjud achchiq haqiqatlariga yuzma-yuz kelib, real voqelikning shiddatli to‘lqinida yonib-kuyib ishlash ekanini barcha to‘la tushunib olishi kerak.

Yana bir masala: xorijdagi va ichkaridagi ayrim «do‘st»larimiz Virtual qabulxona tashkil etilgach, «bu tizim Prezident saylovidan so‘ng o‘z-o‘zidan unutiladi», deb «bashorat» qilgan, buni hatto saylovoldi «piar»i tarzida talqin etgan holatlar ham uchradi. Biroq amalda buning tamomila aksi bo‘ldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev bir ishni boshladimi, oxiriga yetkazish uchun barcha imkoniyatni ishga solishi, o‘zini ham, o‘zgalarni ham birday ter to‘kib mehnat qilishga majbur qilishi, ishlamaganga qo‘ymasligi, yakunda, bir kun kelib, barcha rahmat aytishi – bularning barini xalqimiz, jamoatchiligimiz yaxshi biladi.

Bilmaganlar bilishi kerak bo‘lgan haqiqat oddiy: davlatimiz rahbari bu sohada nainki bugun yoki ertangi kun uchun mo‘ljallangan, balki uzoq istiqbolda mamlakatimizda barcha tarmoqdagi muammolarni tez va samarali hal qilishning yangi va zamonaviy mexanizmini hayotimizda tatbiq etmoqda. Bu bir-ikki yillik maqsad emas, ijtimoiy adolatni hayotda ta’minlashning uzoq yillik strategiyasidir.

Puxta, aniq va amaliy mexanizm

Prezidentimizning 2016-yil 28-dekabrda qabul qilingan «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonida Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati, Prezident devoni ishlar boshqarmasining Fuqarolar qabulxonasi negizida Prezidentning Xalq qabulxonasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida, har bir tuman va shaharda Prezidentning Xalq qabulxonalari, Prezidentning virtual qabulxonasi tashkil etildi.

Mazkur tuzilmalar bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda ishlaydi.

Bunda Virtual qabulxonaning ishlash shakli va uslubi o‘zgarmagan: murojaatlarni 0-800-210-00-00 yoki 10-00 qisqa raqamlariga qo‘ng‘iroq qilish, pm.gov.uz manzilidagi maxsus murojaat shaklini to‘ldirish orqali yuborish mumkin. Mamlakatimizning barcha tuman va shaharlarida Xalq qabulxonalari haftada besh kun 9.00 dan 18.00 gacha tanaffussiz faoliyat ko‘rsatadi. Barcha Xalq qabulxonalari yagona andoza va tartib bo‘yicha ishlaydi, hamma bo‘g‘indagi qabulxonalar bir xil mavqega ega, ya’ni, ular Prezidentning hududlardagi vakilligi hisoblanadi.

Ayni paytda Xalq qabulxonalari joylardagi eng zamonaviy binolarda ish boshladi. Bu yerda jismoniy va yuridik shaxslar uchun qulay shart-sharoitlar yaratilgan. Jumladan, kutish va fuqarolarni qabul qilish zallari, ish kabinetlari, Ona va bola, tibbiyot xonalari mavjud. Qabulxonalar huquqiy adabiyotlar, zarur ma’lumotlar va axborot texnologiyalari bilan ta’minlangan. Eng muhimi, ulardagi muhit, imkoniyatlar, shart-sharoit, mutasaddilar muomalasi odamlar ruhiyatiga, kayfiyatiga ta’sir qiladi. Aslida ham mamlakatimizda olib borilayotgan barcha islohotdan maqsad – odamlarni hayotdan rozi qilish emasmi?

Prezidentimiz Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlari va Toshkent shahridagi Xalq qabulxonalari faoliyati bilan bevosita tanishar ekan, tashkiliy jihatlarga yuqori baho berdi. Endi uni mazmunan boyitish, ichki madaniyatni mustahkamlash zarurligini, hokimlar, prokurorlar, ichki ishlar boshqarmalari boshliqlari va boshqa mutasaddi rahbarlar bu yerda xalq bilan muloqot qilishi, har bir murojaat o‘z yechimini topishi, adolat ta’minlanayotganini odamlar sezishi, bir so‘z bilan aytganda, bu maskanda adolat ovozi jaranglab turishi kerakligini ta’kidladi.

Nima uchun davlatimiz rahbari bu jihatlarga qayta-qayta e’tibor qaratmoqda? Chunki Xalq qabulxonasiga kirib kelayotgan fuqaro uchun hech qanday to‘siq bo‘lmasligi lozim, u fikrini, taklif va mulohazalari, muammolarini ochiq-oydin ayta olishi kerak. Sansolarlik, qo‘rquv, hadik bo‘lmasligi kerak. Rost-da, ilgari odamlar biror davlat idorasiga shikoyat ko‘tarib borsa, avvalo, mutasaddilarga «gapi o‘tadi»gan odam izlardi. Biror rahbar yoki mutasaddi unga «Shikoyatingni o‘rganishdan boshqa ishim yo‘qmi?» kabi iddaolarni aytsa-ku, o‘zini xuddi aybdorday his qilardi. Beixtiyor yelkasi qisilib, boshi xam bo‘lardi.

Yo‘q, bugun vaziyat mutlaqo boshqacha. Xalq qabulxonalari – xalqimizning o‘z uyi, najot maskani. Bu yerda fuqarolar va tadbirkorlar doimo ochiq chehra bilan kutib olinadi. Odamlar, chin ma’noda, ortida suyanch tog‘i borligini his qilmoqda. Bu oldingi tasavvur va tushunchalardagi kabi tanish-bilishchilik, qarindosh-urug‘chilik emas, balki barcha masalani qonun doirasida ko‘rib chiqish, hal qilish degani. Murojaatlarning sinchiklab o‘rganilishi va amaliy hal qilinishi tinchlik-osoyishtalik, taraqqiyot va farovonlik hayotimizda barqaror bo‘lishida nihoyatda katta ahamiyatga ega.

Shu o‘rinda Xalq qabulxonalarida murojaatlar bilan ishlash tartibi haqida ham qisqacha ma’lumot berib o‘tsak, foydadan xoli bo‘lmaydi.

Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxona xodimlari murojaatlarni qabul qiladi, ro‘yxatga oladi, rasmiylashtiradi, tahlil qiladi, Murojaatlarning yagona klassifikatoriga muvofiq ularni ko‘rib chiqishga vakolatli bo‘lgan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarini belgilaydi. Murojaatlarga oid ma’lumotlar «O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi» axborot tizimiga kiritiladi.

Xalq qabulxonalarida murojaatlar og‘zaki, yozma va elektron shaklda shaxsan yoki pochta orqali qabul qilinadi. Arizachi shaxsan murojaat qilganda, navbat bo‘yicha tartib raqamini oladi. So‘ng kutish zalida Xalq qabulxonasi xodimi chaqirishini kutadi. Arizachi chaqirilgach, Xalq qabulxonasi xodimi uning arizasini tekshiradi. Tekshirish yakunlari bo‘yicha arizaga ro‘yxat raqami beriladi. Arizachilarga murojaatlarni rasmiylashtirishda ko‘maklashiladi.

«Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonda barcha darajadagi Xalq qabulxonalari xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining xodimlari hisoblanishi belgilab qo‘yilgani ularga obyektiv, xolis ishlash, murojaatlarni o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqish, adolatli qarorlar qabul qilishda katta imkoniyat va vakolatlar beradi.

Prezident devonining Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati murojaatlar bilan ishlash ustidan tizimli monitoring va nazorat olib boradi. Bunda Xalq qabulxonalari faoliyati muntazam o‘rganib boriladi, ularning ishini yanada takomillashtirish, fuqarolar bilan ochiq muloqotlarni kengaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘riladi.

Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining rahbarlari, mansabdor shaxslari, barcha darajadagi hokimlar sayyor qabullar, jumladan, Xalq qabulxonalarida tashkil etiladigan qabullarni muntazam o‘tkazib borish bilan birga, Xizmatga murojaatlar bilan ishlashga oid o‘z hisobotini taqdim etadi. O‘z navbatida Xizmat bu hisobotlarni o‘rganib, murojaatlarni ko‘rib chiqish bilan bog‘liq ishlar sifatini, murojaatlar ko‘rib chiqilayotganda aniqlangan tizimli muammolarni muntazam tahlil qilib boradi. Shuningdek, qoidabuzarliklar va muammolarni fosh etadi, murojaatlarga asos bo‘lgan sabab va shart-sharoitlarni aniqlaydi, ularni bartaraf etish maqsadida huquqni qo‘llash amaliyoti va amaldagi qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi, Prezidentga davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining murojaatlar bilan ishlashi holati to‘g‘risida muntazam axborotlar tayyorlab, kiritadi, murojaatlarda ko‘tarilayotgan masalalarni aks ettirish maqsadida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash va ekspertizadan o‘tkazishda ishtirok etadi.

Bularning hammasidan ko‘zlangan asosiy maqsad – har bir murojaatning o‘z vaqtida qonuniy, samarali ko‘rib chiqilishini ta’minlash, aholini o‘ylantirayotgan tizimli muammo va masalalarga yechim topish.

Murojaat qilishning ham o‘z madaniyati bor

Hayot bor ekan, inson bor ekan, muammolar ham bo‘lishi tabiiy. Shu ma’noda murojaatlar bilan ishlash hech qachon kun tartibidan tushmaydi. Albatta, odamzotni butkul rozi qilish imkonsiz. Biroq xalqimiz yakdil-hamfikr bo‘lsa, muammolarga tik qarab, ularni bir chetdan hal qilishga kirishsak, ishoning, adolat hayotimizda to‘la qaror topadi, shikoyatlar asta-sekin kamayadi. Ya’ni, adolat bor joyda shikoyat bo‘lmaydi. Shu bois hayotimiz o‘zgarishi uchun, avvalo, o‘zimiz o‘zgarishimiz kerak. Islohotni har birimiz avvalo o‘zimizdan boshlashimiz kerak.

Aholining huquqiy ongini, xususan, murojaat madaniyatini yuksaltirish ham dolzarb masala bo‘lib turibdi. Murojaatlar ichida ba’zan sog‘lom aqlga, oddiy mantiqqa to‘g‘ri kelmaydiganlari ham uchraydi. Har qanday taraqqiyot vositasidan, yaratilgan imkoniyatlardan ezgu yo yovuz maqsadda foydalanish mumkin. Shu ma’noda, «Portalga yozaman» iborasi firibgarlik, kimnidir qo‘rqitish, biror mansabdorga tahdid qilish vositasi bo‘lib qolmasligi kerak. Xalqimiz bejiz «o‘ynab yozsang ham o‘ylab yoz», demaydi. Bir tashkilotga xat bitayotgan odamda so‘z mas’uliyati, fikr madaniyati, ma’lumotlar uchun javobgarlik hissi bo‘lishi kerak.

Murojaat qiluvchilar o‘z shikoyat-arizalari Prezident darajasida ko‘rilayotganini chuqur anglab yetishlari lozim. Chunki barcha shikoyatchi ham haq bo‘lavermaydi: kimdir shoshib yo adashib, masalaning tub mazmuniga yetib-etmay, hatto noto‘g‘ri ma’lumotlar bilan ham arz qiladi. Har bir murojaatni ko‘rib chiqish, o‘rganish, tahlil etishga vaqt kerak. Agar murojaatlarda ko‘tarilayotgan masalalar muayyan hudud, odamlar, umuman, jamiyatimiz uchun foydali, adolatli va o‘rinli bo‘lsa, nur ustiga nur.

...Davlatimiz rahbari hayotimizda adolat yanada mustahkam qaror topishi, har bir ishning xalqimiz bilan bamaslahat amalga oshirilishi, inson huquq va manfaatlarining amalda ta’minlanishiga xizmat qiladigan yangi, zamonaviy tizim ishlab chiqib, uni amaliyotga tatbiq etish bilan mustaqil Vatanimiz tarixida yangi davrga, taraqqiyotning yangi bosqichiga asos solmoqda. Prezidentimizning «Insonlarning dardu tashvishlarini o‘ylab yashash – odamiylikning eng oliy mezonidir», degan hayotbaxsh so‘zlari bugun Xalq qabulxonalariga kiraverishda katta harflar bilan yozib qo‘yilgan. Xalq dardi-tashvishlari bilan yonayotgan beorom qalb tubidan otilib chiqqan bu haroratli so‘zlar o‘zining, oilasining, butun el-yurtimiz, bugungi va kelajak avlodlar taqdiriga befarq bo‘lmagan har bir yurtdoshimiz uchun hayotiy a’molga, ezgu vazifaga aylanishi shart. O‘zbekistonimiz taraqqiyotning yanada yuksak cho‘qqilarini zabt etishi uchun bugun hayotning o‘zi barchamizdan Prezidentimiz atrofida yanada jipslashib, uyg‘oq vijdon bilan yashashni, katta g‘ayrat va shijoat bilan ishlashni talab qilmoqda.

Boshqacha yashashga haqqimiz yo‘q. Bunga hayotning o‘zi yo‘l qo‘ymaydi.