Samarqandda aholi uchun sayyor qabul bo‘lib o‘tdi
2017-02-27
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan Samarqand shahrida vazirlikning fuqarolarni joylarda qabul qilishga mo‘ljallangan sayyor qabuli tashkil etildi. Unda 100 dan oshiq yurtdoshlarimiz ishtirok etishdi.
Ko‘chma qabulda telekommunikatsiya xizmatlari holati va ularni ko‘rsatish sifati, xususan telefon va pochta aloqasi, mobil aloqa xizmatlari hamda internet xizmatlarini ko‘rsatish holati, mavjud muammolar bosh masala sifatida muhokama qilindi.
Qabul chog‘ida Samarqand shahri aholisi o‘zlarini qiynayotgan muayyan masalalar misolida AKT sohasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlarni bayon etdilar. Aholi vakillari aloqa sohasi xizmatlarini yaxshilash bo‘yicha tavsiya hamda takliflarini aytdilar.
Uchrashuvda ko‘tarib chiqilgan muammo va masalalar, xalq murojaati va takliflari yuzasidan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan tegishli choralar ko‘rilib, aniq yechimlar amalga oshiriladi. Qabul davomida ko‘tarilgan aksariyat masalalar uchrashuvning o‘zidayoq vazirlikning tegishli muassasalari vakillariga vazifalar berish orqali ijobiy hal etildi.