Davlat dasturi ijrosiga bag‘ishlandi
2017-02-24
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" Davlat dasturida belgilangan vazifalarning mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati qurish, iqtisodiyotni rivojlantirish, xalqimizning osoyishta va farovon hayot kechirishi uchun shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Bu borada milliy qonunchilik asoslari yaratilgani, uning mazmun-mohiyatini aholining barcha qatlamlariga yetkazishda davlat va jamoat tashkilotlarining uzviy faoliyati yo‘lga qo‘yilgani muhim ahamiyat kasb etayotir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 7-fevraldagi "O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida"gi farmonida davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash va ularni bosqichma-bosqich amalga oshirishga doir muhim vazifalar belgilangan.
Farmonda Harakatlar strategiyasini bosqichma-bosqich amalga oshirish maqsadida uni mamlakatimizda yillarga beriladigan nomlardan kelib chiqib, har bir yil bo‘yicha davlat dasturi qabul qilinishini nazarda tutgan holda amalga oshirish tartibi belgilangan. Mazkur farmon bilan muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ikki hujjat – 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi va uni Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturi tasdiqlandi. Davlat dasturi besh bo‘lim 320 banddan iborat.
Matbuot anjumanida Davlat dasturining mazmun-mohiyati, unda belgilangan ustuvor yo‘nalishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Anjumanda yangi qabul qilinayotgan me’yoriy hujjatlar bilan xalqimiz va ijrochilarni tanishtirib borish, ularning ijrosini ta’minlash, aholi, ayniqsa, yoshlarning huquqiy savodxonligini yuksaltirish dolzarb ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Davlatimiz rahbarining joriy yilning 8 fevraldagi "Qonun hujjatlarini tarqatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori bu boradagi ishlar ko‘lamini kengaytirishda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.
Matbuot anjumanida mazkur qarordagi yangiliklar, huquqiy axborot tarqatishning ko‘zda tutilayotgan yangi mexanizmi, bu jarayonda Adliya vazirligining vakolatlari, Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasini takomillashtirish borasida belgilangan vazifalar haqida fikr-mulohazalar bildirildi. Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan javob qaytarildi.