​Muloqot xalq ishonchini oshirmoqda​

2017-02-21

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimizni 2016 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha oilalardagi ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy muhitni o‘rganish maqsadida bir qator mas’ul tashkilotlar vakillaridan iborat ishchi guruh tashkil etilib, viloyatlarda ish boshladi.


Oltinko‘l tumani ishchi guruhi faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, viloyat hokimligi vakillari, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.

Prezidentimiz rahnamoligida inson huquq va manfaatlarini ta’minlash, aholi turmush farovonligini oshirish, ularning orzu-niyatlari, hayotiy muammo va ehtiyojlarini o‘rganish va hal etishda xalq bilan muloqot tizimini yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

– Tumandagi 56 mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 45 mingdan ziyod oila istiqomat qiladi, – deydi Oltinko‘l tumani hokimi o‘rinbosari, tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Muqaddas Sultonova. – Oilalardagi ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy muhitni o‘rganish bo‘yicha tashkil etilgan tuman ishchi guruhi tomonidan oilalarning o‘z daromadini oshirish borasidagi imkoniyati o‘rganib chiqilmoqda. Muayyan yo‘nalish bo‘yicha oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishi uchun ularga amaliy yordam ko‘rsatilib, bank kreditlari ajratilmoqda. Aholi bilan bevosita muloqotlarda ko‘plab muammolar hal etilib, yechimi topilmagan masalalar yuzasidan mutasaddi idoralarga taklif va tavsiyalar yuborilmoqda.

Tadbir doirasida respublika ishchi guruhi a’zolari "Cho‘ntak" mahalla fuqarolar yig‘inidagi xonadonlarda bo‘lib, turmush sharoiti bilan tanishdi. Oilalar bilan muloqot o‘tkazdi.

– “Mikrokreditbank” tuman bo‘limi tomonidan taqdim etilgan 3 million 500 ming so‘m kredit hisobidan 90 dona tovuq va ularni parvarishlash uchun zarur jihozlar sotib oldim, – deydi Hasanboy Shamsuddinov. – Asosan dehqonchilik qilaman. Berilgan imkoniyatdan foydalanib, parrandachilik bilan shug‘ullanishga kirishdim. Boshlagan yangi ishim oilamizga yaxshigina daromad keltirishiga ishonaman.

– Bugun yurtimizda biror foydali ish bilan shug‘ullanaman, degan kishiga keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda, – deydi Abdullajon Umarov. – Tomorqamizning 3,5 sotixida issiqxona tashkil etganmiz. Kuzda sarimsoqpiyoz ekkan edik. Hozir bozorda sotyapmiz. Aprel oyida yerni bo‘shatib, kuzgi pomidor, tagiga rezavor ko‘katlar ekamiz. Daromadimiz 12-15 million so‘mni tashkil etadi.

Guruh a’zolari shu kuni Andijon tumanidagi Oqyor sanoat kasb-hunar kollejida, Istiqlol mahallasida, “Vodiy farovon tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyatida, Izboskan tumanidagi Muruvvat uyida, Baliqchi tumanidagi industrial-pedagogika kasb-hunar kollejida ham bo‘ldi. Ta’lim-tarbiya samaradorligini oshirish, aholi, ayniqsa, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari bandligini ta’minlash, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni oilaviy hayotga tayyorlash, turli illatlar ta’siriga tushib qolishining oldini olish, yosh oilalarni mustahkamlash borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Mazkur yo‘nalishdagi muammolarni ijobiy hal etish yuzasidan mutasaddilarga tegishli tavsiyalar berildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.Norboyeva so‘zga chiqdi.