Bo‘lg‘usi shifokorlar bilan muloqot

2017-02-17

Poytaxtimizdagi “Turkiston” san’at saroyida Toshkent tibbiyot akademiyasi tashabbusi bilan yuqori kurs talabalari ishtirokida tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va uning joylardagi tuzilmalari vakillari, professor-o‘qituvchilar, talabalar ishtirok etdi.

Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori L.To‘ychiyev va boshqalar aholiga zamonaviy tibbiy yordamni tashkil etishda sog‘liqni saqlash tizimi oldida turgan ustuvor vazifalar, bu chora-tadbirlarni o‘z vaqtida hayotga tatbiq etishda malakali mutaxassislarning o‘rni xususida so‘z yuritdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2017-yilning 5-yanvar va 7-fevral kunlari bo‘lib o‘tgan majlislarda belgilangan vazifalar, sog‘liqni saqlash tizimidagi muammolarni hal qilish va soha rivojini yangi bosqichga olib chiqish bilan bog‘liq boshqa dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Toshkent tibbiyot akademiyasi mamlakatimizdagi yetakchi va tayanch oliy o‘quv yurtidir. Bugungi kunda ushbu ta’lim muassasasida davolash, tibbiy pedagogika, tibbiy profilaktika, tibbiy biologiya, oliy hamshiralik ishi yo‘nalishlarida uch ming ikki yuz nafar talaba bakalavr yo‘nalishida ta’lim olmoqda. Tibbiyotning qirq to‘rt yo‘nalishi bo‘yicha magistr mutaxassislar tayyorlanayotir.

Ta’lim-fan va amaliyot hamkorligini izchil yo‘lga qo‘yish maqsadida ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, tibbiy ilmiy muassasalar, sanitariya nazorati va epidemiologiya markazlari, yetakchi klinikalar, oilaviy poliklinikalar va Toshkent viloyatidagi o‘ttizga yaqin qishloq vrachlik punkti bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Yuqori kurs talabalarining dars va mashg‘ulotlari ushbu shifo muassasalarida tashkil etilayotgani bo‘lajak shifokorlarning bilim va malakasini oshirish, tibbiyot tizimidagi islohotlar bilan bevosita tanishtirish, yoshlarning o‘z sohasi bo‘yicha nazariy va amaliy ko‘nikmalarni chuqur egallashiga xizmat qilmoqda.

Toshkent tibbiyot akademiyasini bu yil sakkiz yuz nafardan ko‘proq yigit-qiz bitiradi. Ulardan 567 nafari umumiy amaliyot shifokoridir. Ushbu mutaxassislarni ishga joylashtirish, ularning ilmiy-amaliy salohiyatidan tibbiyot rivoji yo‘lida samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratilayotir. Uch tomonlama shartnoma imzolanib, uni bajarish yuzasidan tegishli choralar ko‘rilmoqda. Yoshlar bo‘lg‘usi mehnat jamoasida o‘z o‘rniga ega bo‘lishiga ko‘maklashish va salohiyatini to‘la ro‘yobga chiqarishini ta’minlash maqsadida «ustoz-shogird» an’analari yo‘lga qo‘yilgan.

– Bu yil davolash ishi yo‘nalishini tugatib, umumiy amaliyot shifokori diplomiga ega bo‘laman, – deydi Toshkent tibbiyot akademiyasi bitiruvchisi Sardor Sultonov. – Ta’lim muassasamizda yetti yil mobaynida sohamiz bo‘yicha chuqur bilim oldik, jahon tibbiyotining ilg‘or uslublarini o‘rgandik. Zangiota tumanidagi «Ittifoq» qishloq vrachlik punktida amaliyot o‘tadim. Kelgusida ushbu shifo maskanida ishlashni rejalashtirganman. Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, QVPda laboratoriya-tahlil imkoniyatlarini yanada kengaytirish orqali xalqimizning salomatligini muhofazalashga hissa qo‘shish asosiy maqsadimdir.

Tadbirda tibbiy ta’limni yanada rivojlantirish, umumiy amaliyot shifokorlari tayyorlash tizimini takomillashtirish, ta’lim, fan, amaliyot hamkorligini mustahkamlash, olis hududlarda yashovchi aholiga zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishda yosh mutaxassislar salohiyatidan oqilona foydalanish borasida fikrlashildi. Ish beruvchi tashkilotlar bo‘sh ish joylari to‘g‘risida bitiruvchilarga ma’lumot berdi.