Chiroqchi tumanida aholi bilan o‘tkazilgan muloqotlar natijalari tahlil etildi

2017-02-16

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, aholi turmush tarzi bilan tanishdi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan xalq deputatlari tuman Kengashining sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlarining xalq bilan yuzma-yuz muloqot qilib, mavjud muammolarni yaqindan o‘rganayotgani fuqarolarni qiynayotgan masalalarga to‘g‘ri va o‘z vaqtida yechim topish, hududlarni har tomonlama rivojlantirish, aholi turmush darajasini yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.

Tanqidiy tahlil ruhida o‘tgan yig‘ilishda erishilayotgan yutuqlar ko‘lamini oshirish barobarida o‘rganishlar jarayonida aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralar belgilandi.

Ochiq muloqotlarda mahalla faollari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari, fermerlar o‘z faoliyatini kengaytirish, yer ajratish, kredit olish va boshqa masalalar yuzasidan murojaat qilib, savollariga javob oldi. Tumandagi korxona, tashkilot, muassasa va xonadonlardagi ijtimoiy-ma’naviy muhit, mavjud muammolar chuqur o‘rganildi.

Guruh a’zolari 620 dan ortiq xonadonga borib muloqot o‘tkazgan. Muloqotlarda fuqarolardan 603 murojaat tushgan. Ishchi guruhi shtabiga 70 ga yaqin fuqaro o‘z masalalari bo‘yicha murojaat qilgan. Ular asosan ta’lim, sog‘liqni saqlash, kommunal xizmat, mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish sohalari, ichimlik suvi, elektr energiyasi, gaz ta’minoti tizimida mavjudligi aniqlangan.

Tibbiy xizmat ko‘rsatishdagi muammolar odamlarning haqli e’tiroziga sabab bo‘layotir. Tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli “Uyshun”, “Qalqama”, “Chiyali” bo‘linmalari inshootlari rekonstruksiya va kapital ta’mirga muhtoj. Binolar issiq va sovuq suv, laboratoriyalar kerakli tibbiy jihozlar bilan to‘liq ta’minlanmagan. Tumandagi mavjud qishloq vrachlik punktlaridan sakkiztasi moslashtirilgan binolarda joylashgan bo‘lib, ta’mirtalab holatda. Mazkur punktlarda malakali mutaxassislar yetishmaydi. Tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlanganlik darajasi 85 foizni tashkil etadi. Elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlar oqibatida zamonaviy uskunalardan yetarli darajada foydalanilmayapti.

O‘rganish davomida hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar tegishli davlat organlari bilan birgalikda bartaraf etiladi. Sessiyada xalq deputatlari tuman Kengashi faoliyatini takomillashtirish, partiya guruhlari, doimiy komissiyalarning tashabbuskorligini yanada oshirish masalalari muhokama qilindi. Barcha sohada qonuniylikni ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, fuqarolarning qonuniy murojaatlarini ko‘rib chiqish va hal qilish borasidagi ishlarni, shuningdek, prokuratura, ichki ishlar va boshqa davlat idoralari rahbarlarining xalq oldidagi hisobotlarini eshitish tizimini takomillashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi.