Senatorlar va deputatlar G‘allaorol tumanidagi 600 dan ortiq xonadonda bo‘lib, odamlar bilan muloqot o‘tkazdi
2017-02-15
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlarining Jizzax viloyati G‘allaorol tumanidagi o‘n kunlik o‘rganishining natijalari xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari hamda faollari ishtirokida muhokama qilindi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan xalq deputatlari tuman Kengashining sessiyasida Prezidentimiz tomonidan aholi bilan doimiy muloqot qilish, ularni qiynayotgan muammolarni hal etishning yangi mexanizm va samarali usullarini joriy etish yuzasidan belgilab berilgan vazifalar Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida islohotlarning ustuvor yo‘nalishiga aylanayotgani ta’kidlandi.
Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N.Yo‘ldoshev rahbarligida Jizzax viloyatidan saylangan deputatlar va Senat a’zolari G‘allaorol tumanidagi shaharcha, qishloq, mahalla hududlaridagi korxona, tashkilot, muassasa hamda 600 dan ortiq xonadonda bo‘lib, odamlar fikri va ularni qiynayotgan muammolarning yechimiga e’tibor qaratilgani haqida so‘z yuritildi. Muloqotlarda mahalla faollari, tadbirkorlik subyektlari rahbarlari, mulkdorlar, tibbiyot xodimlari, pedagoglar va yoshlar faol ishtirok etgan.
Sessiyada “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” degan g‘oyani hayotga tatbiq etish maqsadida o‘tkazilgan uchrashuv hamda ochiq muloqotlar mamlakatimizda inson huquq va erkinliklari, manfaatlarini himoya qilish, aholiga munosib mehnat va yashash sharoiti yaratishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Uchrashuvlarda aholi turmush farovonligini oshirish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilib, fuqarolar tomonidan 800 ga yaqin masala o‘rtaga tashlangan. Ushbu masalalarning 150 dan ortig‘i joyida hal etilgan. O‘rganish davomida mamlakatimiz darajasida hal etilishi lozim bo‘lgan masalalarni tegishli davlat organlari bilan birgalikda bartaraf etish choralari ko‘riladi. Jumladan, Sangzor daryosidan shag‘al qazib olinishi natijasida yigirmadan ortiq qishloqda ekologik vaziyatning buzilishini bartaraf etish yuzasidan tegishli vazirliklarga so‘rovnomalar yuboriladi.
Ijtimoiy, iqtisodiy sohalarda islohotlarni amalga oshirish, aholining turmush sharoitini yaxshilash borasida olib borilayotgan ishlarga tanqidiy baho berildi. Xususan, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari bandligini ta’minlash darajasi pastligi, qatnab o‘qiydigan o‘quvchilarga transport ajratilmayotgani, kommunal va savdo xizmati, energiya ta’minoti, yo‘llarning holatini yaxshilashdagi ahvol jiddiy tanqid qilindi. Aholi turmush darajasini oshirish, hududni obodonlashtirish bo‘yicha dasturni yanada takomillashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi.
– Parlament a’zolari ishtirokida o‘tkazilgan har bir uchrashuv va muloqot tumanimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi G‘allaorol tumani hokimi Abdurashid Yo‘ldoshev. – Bildirilgan barcha masalalar bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda. Aholini o‘ylantirayotgan muammolar albatta o‘z yechimini topadi. Muammolarning hal etilishi tuman infratuzilmasi va aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.