Partiya a’zolari mas’uliyati oshiriladi

2017-02-15

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Sirdaryo viloyati kengashining 2016-yildagi faoliyati yakunlari va 2017-yildagi ustuvor vazifalari muhokamasiga bag‘ishlangan plenumi bo‘lib o‘tdi.

Partiya viloyat kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi a’zolari, tuman va shahar partiya tashkilotlari vakillari ishtirok etgan plenumda Prezidentimizning Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 24-yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi hamda mamlakatimizni 2016-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzalarida belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqadigan muhim vazifalar ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.

Partiya viloyat kengashining o‘tgan yilgi faoliyati tanqidiy-tahliliy ko‘rib chiqilib, 2017-yildagi ustuvor vazifalar belgilab olindi. Plenumda «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» Davlat dasturini amalga oshirishda faol ishtirok etish, «Inson manfaatlari hamma narsadan ustun» degan g‘oyani izchil hayotga tatbiq etish, partiya tizimida fuqarolar, saylovchilar va elektorat bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yishning samarali usul va mexanizmlarini joriy etish kerakligi haqida so‘z yuritildi.

Hisobot davrida partiyaning dasturiy maqsad va vazifalarini ro‘yobga chiqarishda mahalliy vakillik organlariga partiyadan saylangan deputatlar faoliyati va tashabbuskorligini oshirishga, partiya tashkilotlari va guruhlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilib, ularning faoliyati doimiy tahlil qilib borilgani qayd etildi.

– Shu kungacha 190 dan ziyod deputatlik so‘rovi o‘tkazildi, ularning 107 tasi fuqarolar murojaatlari asosida hal etilgan shikoyatlar bilan bog‘liq, – deydi partiya viloyat kengashi ijroiya qo‘mitasi devoni rahbari Sherzod Nurmatov. – Partiyamiz a’zolari odamlar bilan muloqotlar jarayonida turli dolzarb masalalarni o‘rganib, ularni bartaraf etish yuzasidan o‘z takliflarini berishga chaqirildi.

Plenumda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarda partiyaning har bir a’zosi shaxsiy javobgarlikni, mas’uliyatni his qilgan holda faol ishtirok etishi lozimligiga e’tibor qaratildi.