Inson manfaatlari har narsadan ulug‘
2017-02-14
Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanida aholi bilan doimiy muloqot qilish, ularning muammo va takliflarini o‘rganishning yangi mexanizmlari, samarali usullarini hayotga izchil tatbiq etishga qaratilgan tadbir ana shunday nomlandi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Toshkent viloyati kengashi tomonidan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, partiya, mahalla faollari, yoshlar ishtirok etdi.
Prezidentimiz Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 24-yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida Bosh qomusimizda belgilangan qonun ustuvorligi prinsipi jamiyatimizda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, barcha islohotlarni samarali amalga oshirishning muhim kafolati ekanini ta’kidlab, Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilining asosiy maqsad va vazifalarini aniq belgilab bergan edi. Shundan kelib chiqib, aholi bilan doimiy va samarali muloqot qilish, uning muammolarini hal etishning yangi mexanizmlarini joriy etish maqsadida partiyaning barcha bo‘g‘inlarida tashkil etilgan “Jamoatchilik qabulxonalari” faoliyatini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilayotir. Bunda ushbu qabulxonalarni zamonaviy axborot tizimiga o‘tkazish, murojaatlarni istalgan shaklda tezkor qabul qilish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda.
– Prezidentimizning 2016-yil 28-dekabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni mamlakatimizda “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyil doimo ustuvor ekanining tasdig‘i sifatida aholining farovon hayotini ta’minlash, qonuniy talablari, so‘rov va takliflarini amalga oshirish yo‘lida qilinayotgan ezgu ishlarning uzviy davomi bo‘ldi, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati A.Umaraliyev. – Bu jarayonda siyosiy partiyalar fuqarolarning maqsad va manfaatlarini ro‘yobga chiqaradigan kuch sifatida yanada faol ishtirok etishi lozim. Partiya tashkilotlari tomonidan joylarda odamlarni o‘ylantirayotgan masalalarni tizimli o‘rganib borish, monitoring qilish, deputatlik birlashmalari orqali mahalliy Kengashlar doimiy komissiya va sessiyalarida muhokama etib, tegishli qarorlar qabul qilish, masalalarga yechim topish yuzasidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
“Aholini ijtimoiy himoya qilish, bu yo‘nalishdagi qonunchilikni yanada takomillashtirish borasidagi islohotlar”, “Muammo va kamchiliklarni bartaraf etishda davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligi”, “Huquqiy madaniyatni yuksaltirish – taraqqiyot kafolati” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Tadbir doirasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari partiyaning Quyi Chirchiq tumani kengashida tashkil etilgan “Jamoatchilik qabulxonasi”da bo‘lib, fuqarolar murojaatlarini eshitdi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralar belgilandi.