Senator va deputatlarning Shofirkon tumanida aholi bilan o‘tkazgan muloqotlari natijalari muhokama etildi

2017-02-14

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlarining Buxoro viloyati Shofirkon tumanidagi o‘n kunlik o‘rganishlari, aholi bilan muloqotlarining natijalari xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari hamda faollari ishtirokida muhokama qilindi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan xalq deputatlari tuman Kengashining sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov va boshqalar joriy yilning mamlakatimizda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilinishi yurtimizda davlat organlarining fuqarolar bilan o‘zaro munosabatlari yuzasidan yondashuvini takomillashtirish, bu borada aholi bilan doimiy muloqot qilish, ularni qiynayotgan muammolarni hal etishning yangi mexanizmlari, samarali usullari joriy etilishida, bu boradagi islohotlarni yangi bosqichda davom ettirishda muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.

Buxoro viloyatidan saylangan deputatlar va Senat a’zolari Shofirkon tumanidagi korxona, tashkilot, muassasa va xonadonlarda bo‘lib, odamlar fikri va ehtiyoji bilan qiziqqani, ochiq muloqotlarda mahalla faollari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari rahbarlari, fermerlar, tibbiyot xodimlari, o‘qituvchi va o‘quvchilar faol ishtirok etgani aytib o‘tildi.

Tanqidiy tahlil ruhida o‘tgan yig‘ilishda o‘rganishlar jarayonida aniqlangan muammo va kamchiliklarni joyida bartaraf etish, erishilayotgan yutuqlar ko‘lamini yanada oshirish bo‘yicha tegishli choralar belgilashga alohida e’tibor qaratildi.

O‘rganish jarayonida aholining bandlik masalasi xalq vakillari e’tiborida bo‘ldi. Natijada tumandagi tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan 100 dan ortiq oilaga tijorat banklari tomonidan 843 million so‘mlik kredit mablag‘lari ajratilishiga ko‘maklashildi, 40 ga yaqin fuqaro yangi ish o‘rni bilan ta’minlandi.

Hududda ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda muayyan yutuqlarga erishilayotgan bo‘lsa-da, bu boradagi imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmoqda, deb bo‘lmaydi. Bugungi kunda 170 ming aholi yashaydigan tumanda ro‘yxatga olingan korxonalarning 13 foizi, ya’ni 130 dan ortig‘i turli sabablarga ko‘ra faoliyat ko‘rsatmayotir. Ro‘yxatdan o‘tgan 608 yakka tartibdagi tadbirkor o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan. Bu subyektlarning ishini qayta tiklash bo‘yicha esa amaliy choralar ko‘rilmayotgani achinarli.

Tumanda qayta ishlash sohasini rivojlantirish masalalariga ham e’tibor yetarli emas. Masalan, Shofirkondagi yirik qum-shag‘al konidan faqat xomashyo sifatida foydalanilmoqda. Holbuki, uning bir qismini shu yerning o‘zida qayta ishlab, qurilish mahsulotlari tayyorlash mumkin. Bu mahalliy soliq bazasini kengaytirish va ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini bergan bo‘lardi.

Ta’lim, sog‘liqni saqlash, kommunal xizmat sohalari, ayniqsa, gaz ta’minoti tizimida uchrayotgan kamchiliklar jiddiy tahlil qilindi. Shuningdek, tuman prokuraturasi va ichki ishlar bo‘limining hududda qonuniylikni ta’minlash hamda huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi faoliyatini kuchaytirish lozimligiga e’tibor qaratildi.

Hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy sohani rivojlantirishda alohida mas’uliyat yuklatilgan xalq deputatlari tuman Kengashi faoliyati ham muhokama etildi. Uning ishidagi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Sessiyada Buxoro viloyati hokimi O‘.Barnoyev so‘zga chiqdi.