Murojaatlar chuqur tahlil qilindi
2017-02-10
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumanida amalga oshirilayotgan islohotlar, aholi yashash sharoitlari bilan tanishdi.
Parlament a’zolari va mahalliy Kengashlar deputatlaridan iborat guruh hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, qabul qilinayotgan qonun va boshqa huquqiy-me’yoriy hujjatlar ijrosini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar, davlat va jamoat tashkilotlari, mahallalar, ta’lim va tibbiyot muassasalari faoliyatini o‘rgandi.
120 mingga yaqin aholi istiqomat qilayotgan Chimboy tumanida hududni kompleks rivojlantirish dasturiga muvofiq sanoat, qurilish, qishloq xo‘jaligi, ijtimoiy sohalarda salmoqli natijalarga erishilmoqda. Jumladan, o‘tgan yili tumanda 103,2 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari, 63,8 milliard so‘mlik xalq iste’moli mollari ishlab chiqarildi, 11 million 248 ming dollarlik mahsulot eksport qilindi.
Tumanda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida 2016-yilda tijorat banklari tomonidan 32 milliard 682 million so‘m miqdorida kredit mablag‘i ajratildi. Aholi bandligini ta’minlash dasturi asosida 3 ming 337 yangi ish o‘rni yaratildi. Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga muvofiq amalga oshirilgan 6 milliard 540 million so‘mlik 115 loyiha asosida 755 yangi ish o‘rni tashkil etildi.
Aholining mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarga munosabatini o‘rganish va ularni o‘ylantirayotgan muammolarni hal etishga ko‘maklashish maqsadida tumandagi “Ko‘k suv”, “Toza jo‘l”, “Taq jap”, “Pashen tov”, “Baxtli”, “Qo‘sh terak”, “Kenges”, “Qizil o‘zak”, “Qamis-ariq”, “Tazg‘ara” ovul fuqarolar yig‘inlari hududida yashovchi 251 oilada bo‘lgan deputatlar ularning yashash sharoitlari bilan tanishib, murojaatlarini tingladi. Murojaatlar asosan elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi ta’minotidagi uzilishlar, tibbiy xizmat, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash, bank-kredit, pensiya, ish haqi va ijtimoiy nafaqalarni o‘z vaqtida olish, qurilish, transport, tadbirkorlik faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan muammolardan iborat. Aholi tomonidan ko‘tarilgan muammolarning ayrimlari shu yerning o‘zida yechimini topdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatlari tomonidan o‘rganilgan masalalar xalq deputatlari Chimboy tumani Kengashining o‘n to‘qqizinchi sessiyasida muhokama etildi.
Sessiyada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati J.Abdujamilov, tuman hokimi O‘.Qozoqboyev, O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasi – “Lanekstrakt” mas’uliyati cheklangan jamiyati ijrochi direktori M.G‘oipov va boshqalar Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilining mohiyati haqida so‘zlab, ayni paytda mamlakatimizning barcha hududlarida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlarining aholi bilan muloqotlari muammolarga joyida yechim topish va hududlarni har tomonlama rivojlantirish, xalqimiz farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi. Hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda aholi turmush darajasini oshirishga to‘siq bo‘layotgan kamchilik va nuqsonlar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari, fermerlarning o‘z faoliyatini kengaytirish, yer ajratish, kredit olish va boshqa masalalar yuzasidan qilgan murojaatlari atroflicha tahlil qilindi.
Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi M.Erniyazov so‘zga chiqdi.