Tizimli faoliyat samarasi
2015-07-28
Davlat va nodavlat tashkilotlari o‘rtasida aloqalar yildan-yilga mustahkamlanib borayotir. Ayniqsa, “Ijtimoiy sheriklik to‘g’risida”gi qonun bu borada muhim ahamiyat kasb etayapti. Bu esa, o‘z navbatida, kuchli ijtimoiy himoya tamoyilining yanada keng ko‘lamda hayotga tatbiq etilishini ta’minlamoqda.
Ehtiyojmand oilalarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, aholi bandligini ta’minlashda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish instituti — “Mahalla” xayriya jamoat fondi bilan hamkorligi e’tiborga sazovor. Xususan, 2015 yilga mo‘ljallangan qo‘shma tadbirlar tasdiqlanib, uni amalga oshirish borasida har ikki tashkilot va ularning hududiy bo‘linmalari tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, shuningdek, kasanachilik va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida ular faoliyatini monitoring qilib borish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu borada hududiy kasaba uyushma tashkilotlari birlashmalari va “Mahalla” xayriya jamoat fondining hududiy bo‘limlari hamjihatlik ko‘rsatishmoqda. Shu bilan bir qatorda, kasanachilar ijtimoiy himoyaga olingan va ularga nisbatan jamoa shartnomalarida belgilangan imtiyozlarning joriy etilishiga erishilmoqda.
Joylarda yangidan tashkil etilgan ish o‘rinlarining haqqoniyligi tanlov asosida o‘rganilib, mazkur korxonalarda mehnat qilayotgan fuqarolarning mehnatga oid huquqlari, ular uchun belgilangan qo‘shimcha kafolatlar, mehnat va dam olish sharoiti yetarlicha ta’minlanganligi ustidan jamoatchilik nazorati yuritilayapti. Shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj, ish topishga qiynalayotgan qatlamining bandligiga erishish borasida ham hamkorlik mavjud.
Ijtimoiy sheriklik asosida aholining turli qatlamlarini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, jumladan, Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan mahallalarda istiqomat qiluvchi 2990 nafar ikkinchi jahon urushi qatnashchisiga 897 mln., xizmat vazifalarini bajarish vaqtida halok bo‘lgan harbiylarning oilalariga 65,6 mln. so‘m miqdorida manzilli moddiy yordam ko‘rsatildi.
Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan esa “Mehribonlik” uylarining 7 585 nafar tarbiyalanuvchilari, ehtiyojmand oilalar farzandlari, iqtidorli o‘quvchilarning joylardagi muzey va ko‘rgazmalar, botanika, madaniyat va istirohat bog’lariga, 2 471 nafarining esa teatr va qo‘g’irchoq teatrlariga tashrifi uyushtirilgani ham e’tiborga molik.
Ma’lumki, bolajonlarning ta’tilni maroqli o‘tkazishi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan bo‘lib, yoz mavsumida “Mahalla” xayriya jamoat fondi va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan 700 nafar, shu jumladan, Surxondaryo viloyatidan 100 nafar kam ta’minlangan, ko‘p bolali oilalar farzandlarini bepul dam oldirish rejalashtirilgan va bunda kasaba uyushmalari bilan hamkorlik o‘z samarasini berayotir.
Darvoqe, “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan tashkil etilgan “Fuqarolar yig’inlarining eng namunali diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi” ko‘rik-tanlovi, “Futbolimiz kelajagi” musobaqalarining hududiy va respublika bosqichlarini o‘tkazishda ham kasaba uyushmalari faol ishtirok etayapti.
Hamkorlik natijasida o‘tgan davrda 9 804 mahalla fuqarolar yig’inida mehnat qilayotgan 37 280 nafardan ortiq xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaati himoyasini topdi. Bu kabi ezgulikka yo‘g’rilgan sa’y-harakatlar yangicha shijoat va g’ayrat bilan faoliyat yuritishga zamin yaratayotir.