Senator va deputatlar Buvayda tumanida aholi bilan muloqot o‘tkazmoqda
2017-02-07
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari hududlarda bo‘lib, joylardagi muammolarni o‘rganmoqda, xalq bilan muloqot o‘tkazmoqda.
Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida davlat organlarining fuqarolar bilan o‘zaro munosabatlari tubdan qayta ko‘rib chiqilishi, bu borada aholi bilan doimiy muloqot o‘rnatish, ularni qiynayotgan muammolarni hal etishning yangi mexanizmlari va samarali usullarini joriy qilish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Farg‘ona viloyatidan saylangan deputatlar va senatorlar Buvayda tumanida bo‘lib, fuqarolar bilan muloqot o‘tkazdi.
Ochiq va samimiy muloqot chog‘ida tumandagi iqtisodiy infratuzilma va tadbirkorlikni rivojlantirish, moliya-kredit muassasalari faoliyatini samarali tashkil etishni ta’minlash, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, aholi bandligini kafolatlash masalalari diqqat markazida bo‘ldi. Bu qonun ijodkorlarining joylarda islohotlarning borishi bilan yaqindan tanishishi, qabul qilinayotgan qonunlar va boshqa huquqiy-me’yoriy hujjatlar ijrosini o‘rganishi hamda aholining talab va takliflarini eshitgan holda kelgusi vazifalarni belgilab olishida muhim ahamiyatga ega.
– Tumandagi har bir mahalla fuqarolar yig‘ini, xonadonlarda bo‘lib, odamlar fikri va ehtiyojlarini o‘rganmoqdamiz, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Ilhomjon Nosirov. – Muloqotlarda ko‘tarilgan ko‘plab masalalar ijobiy hal etildi. Qishloq vrachlik punktlari holati, tibbiy xizmat sifati, umumta’lim maktablarida o‘qitish jarayoni samaradorligiga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, qabul qilinayotgan qonun, farmon va qarorlar mazmun-mohiyati bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi.
“Yangiqo‘rg‘on”, “Qo‘ng‘irot”, “Bekobod”, “Nayman”, “Beshterak” kabi qishloq fuqarolar yig‘inlarida bo‘lib o‘tgan muloqotdan aholi mamnun.
“Beshterak” qishloq fuqarolar yig‘inida bo‘lgan muloqotlarning birida xonadonlardagi mavjud maishiy-ijtimoiy muammolar o‘rganib chiqildi. Unda xonadon egasi Hayotjon Normatovning vaqtincha ishsizligi sabab, qo‘shimcha daromad olishi uchun oilasida parrandachilik bilan shug‘ullanishiga bank krediti ajratilishi rejalashtirildi. Shuningdek, oilasida tikuvchilikni yo‘lga qo‘yib, o‘ndan ortiq ish o‘rni yaratgan, mebel sexi va issiqxonalar tashkil etgan xonadonlarga ham qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida bank kreditlari ajratilishiga kelishib olindi.
– Deputatlarning uyimizga kelib, hayot tarzimiz bilan tanishishi bizni behad quvontirdi, – deydi Nayman qishlog‘ida yashovchi G‘ulomjon Abdurazzoqov. – Tomorqamizda issiqxona tashkil etganmiz. Ayni kunlarda pomidor, qalampir yetishtirayapmiz. Issiqxona ishiga barcha oila a’zolarimiz jalb qilingan. Shukr, daromadimiz yaxshi. To‘y qilayapmiz, uy quryapmiz. Oilaviy tadbirkorlik bilan shug‘ullanaman, degan har bir fuqaroga davlatimiz tomonidan barcha sharoit yaratib berilmoqda. Bundan biz juda xursandmiz.
Parlament a’zolarining aholi bilan muloqotlari joylarda qizg‘in davom etmoqda.