Joriy yilning 31 yanvar kuni Davlat statistika qo`mitasining kengaytirilgan Hay`at yig`ilishi o`tkazildi.

2017-02-06

Hay`at yig`ilishida, Mamlakatimizni 2016 yilda ijtimoiy – iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari, 2017 yilga mo`ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo`nalishlarini amalga oshirilishi borasida davlat statistika organlarining asosiy vazifalari muhokama qilindi.

Shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yilning 14 yanvardagi yig`ilishida, 2017 yil uchun respublika Hukumatining iqtisodiy-ijtimoiy dasturining eng muhim yo`nalishlari va ustuvor vazifalariga alohida e`tibor qaratildi.

Yig`ilishda davlat statistika organlari tomonidan quyidagi ishlar amalga oshirilganligi aytib o`tildi:

- 2016-yilgi mamlakat iqtisodiy dasturining eng muhim ustuvor vazifalarini amalga oshirilishi bo`yicha tegishli tahliliy-statistik ma`lumotlar tayyorlanib, Hukumatga taqdim etib borildi;

- O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 9-fevraldagi PQ-2487-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Sog`lom ona va bola yili” Davlat dasturi ijrosi yuzasidan Qo`mita tomonidan tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturida belgilangan tadbirlarning bajarilishi ta`minlandi;

- O`zbekiston Respublikasi mustaqilligining 25 yilligini nishonlash bilan bog`liq qabul qilingan dasturlar doirasida belgilangan vazifalarning o`z vaqtida va sifatli bajarilishi ta`minlandi;

- Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 24-avgustdagi “Iqtisodiy faoliyat turlarini tasniflashning xalqaro tizimiga o`tish chora-tadbirlari to`g`risida”gi 275-sonli qarori ijrosini ta`minlash doirasida, tegishli chora-tadbirlar amalga oshirildi;

- 2016 yilda statistika sohasining turli yo`nalishlari bo`yicha 14 ta yangi uslubiy hujjatlar ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi, 3 ta uslubiy hujjatlarga o`zgartirishlar kiritildi;

- foydalanuvchilarning so`rovlariga asosan 2184 ta tahliliy ma`lumotlar tayyorlanib, taqdim etildi. Bundan tashqari, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi orqali 13 ta, Qo`mita rasmiy sayti orqali 925 ta, yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali kelib tushgan 172 ta murojaatlar ko`rib chiqilib, belgilangan tartibda javoblar berilishi ta`minlandi.

Shuningdek, 2016-yilda tizim organlarida qonunchilikni mustahkamlash, statistika faoliyatini tashkil etish, hisobot va ijro intizomini ta`minlash holati yuzasidan monitoring va nazorat ishlari davom ettirilganligi va 2016 yilda Qo`mita tomonidan hududiy statistika organlarining 39 tasida kompleks va 41 tasida maqsadli o`rganishlar amalga oshirilganligi ta`kidlandi.

Kengaytirilgan Hay`at yig`ilishida 2017-yil mamlakatimizda – “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e`lon qilinganligi munosabati bilan asosiy maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda, tizim idoralarining fuqarolar bilan o`zaro munosabatlari yuzasidan yondashuvni tubdan yaxshilash zarurligi, bu borada aholi hamda hisobot topshiruvchi sub`ektlar bilan doimiy aloqa va muloqot qilish, ularni qiynayotgan muammolarni tezkor va amaliy hal etish choralarini ko`rishning zarurligi, bu tizimning har bir rahbari va mazkur ishlarga mas`ul xodimlarining asosiy vazifasi bo`lishi lozimligi, bu borada e`tiborsizlikka va o`zibo`larchilikka yo`l qo`ygan har bir rahbarga qat`iy chora ko`rilishi shartligi aytildi.

Profilaktika ishlari rejasiga muvofiq, hisobot davrida 2557 ta seminarlar, 4968 marta “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etilib, ularda qariyb 127 ming nafar tadbirkorlik sub`ektlari ishtirok etganligi, ommaviy axborot vositalarida 2935 marta chiqishlar tashkil etilganligi, 90 mingdan ortiq tadbirkorlik sub`ektlariga turli xil bukletlar va qo`llanmalar tarqatilganligi haqida yig`ilishda axborot berildi.

Shuningdek, tizimda hisobot davrida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish borasida qator tadbirlar amalga oshirilganligi, jumladan, Qo`mita rasmiy saytida ma`lumotlarni muntazam joylashtirib borilishi, idoralararo elektron ma`lumotlar almashuvi, statistik ma`lumotlarni Ye-XAT tizimi orqali taqdim qilinishi ta`minlanganligi, elektron ko`rinishda qabul qilingan va yuborilgan korrespondentsiyalar ulushi 2015-yildagi 85,3 foiz o`rniga, 2016-yilda 95,7 foizni tashkil etilganligi, Qo`mita rasmiy sayti va Ochiq ma`lumotlar portalida joylashtirilgan ochiq ma`lumotlar to`plami yangilab borilganligi, tizimda axborot xavfsizligi choralarini kuchaytirish bo`yicha qator ishlar olib borilganligi, Qo`mitaning rasmiy sayti Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi maxsus markazida 2 marta ekspertizadan o`tkazilganligi to`g`risida ma`lumot berildi.

Ko`rib chiqilgan va muhokama qilingan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.