Senator va deputatlar Denov tumanida aholi bilan muloqot o‘tkazmoqda
2017-02-03
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari Surxondaryo viloyati Denov tumanida aholi turmush tarzi bilan tanishmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-yilning mamlakatimizda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilinishi yurtimizda inson qadri, huquq va manfaati ulug‘lanayotganining amaldagi ifodasi bo‘ldi. Senator va deputatlarning qabul qilinayotgan qonun va boshqa huquqiy-me’yoriy hujjatlarning joylardagi ijrosini o‘rganish, tahlil qilish, aholi talab va takliflari asosida kelgusi vazifalarni aniq belgilab olish maqsadida tashkil etilgan ushbu tadbir ana shunday ezgu g‘oyalarni keng targ‘ib etishga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatlidir.
Tuman faollari, fuqarolar yig‘inlari raislari, tadbirkor va fermerlar bilan uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov va boshqalar Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilining mazmun-mohiyati hususida atroflicha so‘z yuritdi. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlarining xalq bilan yuzma-yuz muloqot qilib, mavjud muammolarni yaqindan o‘rganayotgani fuqarolar tomonidan o‘rtaga tashlanayotgan masalalarga to‘g‘ri va o‘z vaqtida yechim topish, hududlarni har tomonlama rivojlantirish, aholi turmush darajasini tubdan yaxshilashda muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlar deputatlaridan iborat guruhlar tumandagi barcha ta’lim va tibbiyot muassasalari, boshqa davlat va jamoat tashkilotlari faoliyati bilan yaqindan tanishmoqda. Aholi xonadonlarida bo‘lib, ular bilan dildan muloqot qilmoqda.
– "Sina” qishloq fuqarolar yig‘inidagi mahallalar, ta’lim muassasalari faoliyatini o‘rganish jarayonida o‘zini o‘zi boshqarish organlari faollari, tadbirkorlar, fermerlar, o‘qituvchi va o‘quvchilar, shifokorlar bilan suhbatlashdik, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati A.Toshqulov. – Oilalar farovonligini yuksaltirishga to‘siq bo‘layotgan kamchiliklar xususida atroflicha fikr almashdik. Tadbirning ikkinchi bosqichida mahalliy davlat va huquq-tartibot idoralarida bo‘lib, ularning faoliyati bilan tanishamiz. Shuningdek, xalq deputatlari tuman Kengashidagi partiya deputatlik guruhlari, doimiy komissiyalar faoliyatini o‘rganamiz. O‘rganish natijalari xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari va faollari ishtirokida muhokama etilib, mavjud muammo va kamchiliklarni hal etish choralari ko‘riladi.