Ustuvor vazifalar ijrosiga bag‘ishlandi
2017-01-27
Toshkent viloyatida 2016-yilda 30 yirik investitsiya loyihasi amalga oshirildi. Jumladan, “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Angren issiqlik elektr stansiyasida 130-150 megavatt quvvatga ega energoblok ish boshladi. “Angren” erkin iqtisodiy zonasida quyilgan zanjirli armatura va izolyatorlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Elektrlashtirilgan Angren – Pop temir yo‘lining tashqi elektr tarmoqlari podstansiyalari qurildi.
Toshkent viloyati hokimligida 2016-yil yakunlari va 2017-yilda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlariga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishida bu alohida ta’kidlandi.
Viloyat hokimi Sh.Boboyev boshqargan yig‘ilishda 2016-yilda viloyat iqtisodiyotini yuksaltirish borasida amalga oshirilgan ishlar atroflicha tahlil qilindi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimizni 2016-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.
2016-yil yakunlari bo‘yicha viloyat yalpi hududiy mahsuloti 7,1 foizga o‘sdi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 7,6, qurilish-pudrat ishlari 1,8, xizmat ko‘rsatish 16,7, chakana savdo aylanmasi 14,6, qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish 5,5 foizga oshdi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida hisobot davrida viloyatda ro‘yxatdan o‘tgan kichik biznes subyektlari soni 23 ming 936 taga, kichik biznesning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 57,1 foizga yetdi.
Viloyatda “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida ona va bola salomatligini muhofaza qilish, barkamol avlodni voyaga yetkazish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Ularni moliyalashtirishga barcha manbalar hisobidan 327,9 milliard so‘m va 2,8 million dollar mablag‘ yo‘naltirildi.
Boshqarmalar rahbarlari va mahalliy hokimlarning sustkashligi, tashabbus ko‘rsatmasligi oqibatida ayrim tarmoqlarda ishlab chiqarishning dinamik o‘sish sur’atlariga erishish ta’minlanmagani qayd etildi.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni faol jalb etish, tarmoqlar va mintaqalarning eksport salohiyatini yuksaltirish, importni optimallashtirish, mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish, aholi turmush darajasi va sifatini yanada yaxshilash bo‘yicha mutasaddi rahbarlar tomonidan yetarlicha amaliy nazorat ta’minlanmagani aytib o‘tildi.
Yig‘ilishda ko‘rilgan barcha masalalar hamda yutuq va kamchiliklardan kelib chiqib, tuman va shaharlarda 2017-yil ijtimoiy-iqtisodiy dasturining eng muhim ustuvor yo‘nalishlari bajarilishi yuzasidan aniq tadbirlar belgilab olindi.