O‘quvchi yoshlar bilan muloqot
2017-01-26
2017-yil 25-yanvar kuni O‘zbekiston milliy universiteti qoshidagi akademik S.Sirojiddinov nomidagi akademik litseyda, litsey ma’muriyati va “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati hamkorligida “Parlament va yoshlar” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Mazkur tadbirda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining o‘rinbosari S.Artikova, litsey o‘quvchilari, o‘qituvchilari, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, ota-onalar jamoatchiligi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Davra suhbati davomida, ishtirokchilarga mamlakatimizda davlat hokimiyatini tashkil etishning demokratik asoslari hamda milliy qonunchiligimiz tizimini takomillashtirish borasidagi Parlament faoliyati to‘g‘risida batafsil va to‘liq ma’lumotlar taqdim etildi. Tadbirda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish borasidagi tashabbuslari mazmun va mohiyati ishtirokchilar e’tiboriga yetkazildi. Shuningdek, 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasi rivojining beshta ustuvor yo‘nalishi Harakatlar strategiyasi loyihasining OAVdagi keng muhokamasi haqida so‘z yuritildi.
Yurtimizda, yuqori intelektual qobiliyatga, ilmga ega bo‘lgan, dunyoqarashimizga, yot bo‘lgan g‘oyalarga qarshi tura oladigan, erkin shaxslarni tarbiyalab voyaga yetkazishga juda katta e’tibor berilayotganligi ta’kidlab o‘tildi. Binobarin, 2016 yilning sentabr oyida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonunida ham, bugungi kun talablaridan kelib chiqib, yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari qilib, yoshlarning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy hamda boshqa huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning intellektual, jismoniy va ahloqiy jihatdan kamol topishiga ko‘maklashish, yoshlar uchun ochiq va sifatli ta’limni ta’minlash, ularni ishga joylashtirish va ularning bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish hamda yoshlarni qonunlarga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash masalalari o‘z ifodasini topgan.
Davra suhbatida ma’ruza qilgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining o‘rinbosari S.Artikova va tadbir ishtirokchilari, mamlakatimizda barkamol avlodni voyaga yetkazish borasidagi amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar o‘z natijalarini berayotganligini, bu borada qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish ishlari davom etayotganligini qayd etishdi.
Shu bilan birga, davra suhbati ishtirokchilariga bugungi kunda amalga oshirilayotgan sud-huquq tizimini liberallashtirish va demokratlashtirishga qaratilgan dasturlar, tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish va erkinliklarini ta’minlash, muhtoj bo‘lgan aholi qatlamlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish hamda parlament tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta’minlash faoliyati va qabul qilinayotgan qonunlar ijrosi bo‘yicha parlament nazorati haqida ma’umot berildi.
Uchrashuvda, yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish muhimligi masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Davra suhbati yakunida, o‘quvchilar orasidan “huquq bilimdonlari” esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.