«Onalari sog‘lom bolalari barkamol vatan!» Respublika tanlovi g‘oliblari taqdirlandi

2017-01-18

Mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida yuz berayotgan o‘zgarishlar, qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar, ayniqsa, onalar va bolalar sog‘ligini muhofaza qilish, oilada sog‘lom tibbiy madaniyatni yuksaltirish, millat genofondini mustahkamlashga yo‘naltirilgan ezgu ishlarda kasaba uyushmalarining ham o‘ziga xos o‘rni bor.

Vatanimiz mustaqilligining 25 yilligi hamda Sog‘lom ona va bola yilida respublika kasaba uyushmalarining yurtimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlardagi ishtiroki, oilalarda sog‘lom muhitni shakllantirish, onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash, yosh avlod ongiga ona-yurtga muhabbat tuyg‘ularini chuqur singdiri yo‘nalishlaridagi faoliyatini keng yoritish maqsadida «Ishonch» va «Ishonch-Doveriye» gazetalari tahririyati 2016-yil boshida «Onalari sog‘lom ¬ bolalari barkamol Vatan!» respublika tanlovini e’lon qilgan edi.

Ikki yo‘nalish: professional jurnalistlar hamda kasaba uyushma faollari o‘rtasida tashkil etilgan mazkur tanlovga 100 dan ortiq ocherk, maqola va lavhalar taqdim etildi.

Ularning aksariyati mamlakatimizda onalar va bolalarga ko‘rsatilayotgan e’tibor, qolaversa, kasaba uyushmalarining Sog‘lom ona va bola yilida amalga oshirgan keng qamrovli ishlarini ommaga yetkazish va targ‘ib qilishda amaliy hissa bo‘lib qo‘shildi.

Joriy yilning 13-yanvar kuni mazkur tanlovda g‘olib bo‘lgan professional jurnalistlar va kasaba uyushma faollarini tantanali taqdirlash tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi mutasaddilari, «Ishonch» va «Ishonch-Doveriye» gazetalari tahririyati ijodiy jamoasi, kasaba uyushma faollari, turli tahririyatlarda mehnat qilayotgan jurnalistlar ishtirok etdilar.

Tadbirda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da kasaba uyushmalari va «Ishonch» va «Ishonch-Doveriye» gazetalari muxbirlari oldida turgan ustuvor vazifalar xususida alohida to‘xtalindi. Mazkur yo‘nalishlarda olib borilayotgan ishlarni yanada kuchaytirish borasida fikr va mulohazalar bildirildi.

Tadbir yakunida tanlovda 1-, 2-, va 3-o‘rinlarni qo‘lga kiritgan qalamkashlar tashkilotchilar tomonidan rag‘batlantirildi.