Ustuvor vazifalar belgilandi
2017-01-18
Davlat soliq qo‘mitasida hududiy davlat soliq xizmati organlari rahbarlari ishtirokida 2016 yil faoliyat yakunlari sarhisobi, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, ularni bartaraf etish choralari va 2017 yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan Hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimizni 2016 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2017-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma’ruzasi mazmun-mohiyati batafsil tushuntirildi hamda unda belgilab berilgan asosiy yo‘nalishlardan kelib chiqib, davlat soliq xizmati organlarining ustuvor vazifalari belgilab olindi.
Hay’at yig‘ilishida asosiy e’tibor, mamlakatimizda 2017-yil «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» deb e’lon qilinganligi munosabati bilan davlat soliq xizmati organlari tomonidan fuqarolar bilan ochiq muloqotni, har bir tushayotgan murojaatni adolatli ko‘rib chiqilishi va muammoning hal etilishini ta’minlash masalalariga qaratildi.
Xususan, murojaatlar qaysi tumandan, qanday muammo bo‘yicha kelayotganini chuqur tahlil qilish orqali, tizimdagi mavjud kamchiliklarni aniqlash va bartaraf etish choralarini ko‘rish, xalqning, tadbirkorlarning ishonchiga erishib, ularga amaliy yordam ko‘rsatib borish birinchi darajali vazifa etib belgilandi.
Soliqqa tortish bazasini yanada kengaytirish, belgilangan prognoz ko‘rsatkichlarini bajarish bo‘yicha amaldagi uslublarni tanqidiy ko‘rib chiqqan holda, davlat soliq xizmati organlariga baho berish tizimini mutlaqo boshqatdan ko‘rib chiqish talab qilindi.
Har bir rahbar tomonidan mavjud kamchiliklarni ishxonada o‘tirib emas, bevosita joyiga chiqqan holda o‘rganish, iqtisodiy nochor va faoliyat yuritmayotgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarga amaliy yordam ko‘rsatib, qayta tiklash, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan fuqarolarga davlat ro‘yxatidan o‘tishlarida ko‘maklashish, qonun hujjatlariga asosan berilgan imtiyozlardan to‘g‘ri va samarali foydalanishni tashkil etish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016- yil 5-oktabrdagi «Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoniga asosan rejadan tashqari va muqobil tekshirishlarning bekor qilinganligidan kelib chiqib, tadbirkorlik subyektlari faoliyatida sodir etilishi mumkin bo‘lgan xato va kamchiliklarning oldini olish bo‘yicha profilaktik tadbirlarni o‘tkazish, masofaviy nazoratni, shu jumladan, kameral nazorat samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga davlat va nazorat organlarining aralashuvini tubdan qisqartirish, ishbilarmonlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytirish, rahbarlarning xalqni mensimasdan muomala qilishiga chek qo‘yish, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida qabul qilingan qonunga muvofiq alohida Dastur ishlab chiqish asosiy vazifalardan biri etib belgilandi.
Bundan tashqari davlat soliq xizmati organlarining tashkiliy tuzilmasini tanqidiy qaytadan ko‘rib chiqib, zarur o‘zgartirishlar kiritish, zamonaviy tafakkurga ega malakali kadrlarni tayyorlash va soha faoliyatida shaffoflikni oshirish yuzasidan aniq ko‘rsatmalar berildi.
Soliq va byudjet siyosatining 2017-yilgi asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar mazmun-mohiyatidan tadbirkorlik subyektlari vakillari hamda keng jamoatchilikni o‘z vaqtida xabardor qilish maqsadida, barcha hududlarda ko‘rgazmali seminarlar o‘tkazish, soliq to‘lovchilarga axborot-maslahat xizmatlar ko‘rsatish samaradorligini oshirish, borasida aniq vazifalar belgilab berildi.
Davlat soliq xizmati organlarining 2016-yilgi faoliyati yakunlari, jumladan soliq bazasini kengaytirish, soliqlarning yig‘iluvchanligini oshirish, soliq qarzi va ortiqcha to‘lovni qisqartirish, tizimda kadrlar tayyorlash, malakasini oshirish, vakant lavozimlarni jamlash borasidagi ishlarning natijadorligi, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va ularning bartaraf etilishi ahvoli tanqidiy muhokama qilinib, davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosarlari va hududiy davlat soliq boshqarmalari boshliqlarining shaxsiy hisobotlari eshitildi.
Muhokama qilingan masalalar bo‘yicha faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mutasaddi xodimlarga nisbatan tegishli jazo choralari qo‘llanildi.
Shuningdek, dolzarb vazifalarning sifatli bajarilishini ta’minlash bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.