Har bir murojaat – e’tiborda
2017-01-13
Davlatimiz rahbari 2017-yilni mamlakatimizda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qildi. Buning zamirida barcha sohalarda demokratik tamoyillar ustuvorligini mustahkamlash, inson sha’nini ulug‘lash, ayniqsa, davlat organlarining xalq oldidagi hisobdorligini kuchaytirish maqsadlari mujassam.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 24-yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishishi munosabati bilan o‘tkazilgan Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisidagi nutqida mamlakatimizda qabul qilingan 400 ga yaqin qonunlar hayotimizning barcha sohalarini huquqiy tartibga solish, fuqarolarning huquq va manfaatlarini ta’minlashga xizmat qilayotganini ta’kidlar ekan, qonunlarning to‘liq ijrosini ta’minlash mexanizmlarini yanada kuchaytirish zarurligiga e’tibor qaratdi. Xalq bilan doimiy va ochiq muloqotlarda odamlarni o‘ylantirayotgan muammolarga yechim topishning yangicha mexanizmini yo‘lga qo‘yish lozim, shundagina haqiqiy demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati barpo eta olamiz, deb ta’kidladi.
Demokratik jamiyatning muhim sharti – inson huquqlari va erkinliklariga rioya qilish tamoyilining ta’minlanishidir. Mamlakatimizda inson manfaatlari va uning huquqlari himoyasi davlatimiz ichki siyosatining asosini tashkil qiladi. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning Sirdaryo viloyati bo‘yicha mintaqaviy vakili tomonidan ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. 2016-yilda mintaqaviy vakil nomiga turli mavzuda yozma va og‘zaki 51 murojaat kelib tushdi. Murojaatlarning 49 tasi qonuniy yo‘l bilan hal etildi, 2 tasi nazoratga olindi.
Fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish maqsadida joylarda turli seminar va tadbirlar o‘tkazilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mehnatni muhofaza qilish, inson huquq va erkinliklari, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mohiyati, O‘zbekiston Respublikasining “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonuni targ‘iboti bo‘yicha o‘tkazilayotgan tadbirlarda huquq-tartibot organlari xodimlari, turli tashkilotlar rahbarlari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ham ishtirok etayotir. Seminar va davra suhbatlarida yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularni ichkilikbozlik, kashandalik, giyohvandlik illatlari, turli tahdidlar, diniy va ekstremistik ta’sirlar, “ommaviy madaniyat” xurujidan himoya qilish mavzulari ustuvorlik kasb etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning Sirdaryo viloyati bo‘yicha mintaqaviy vakili 2017-yilda ham shu kabi muloqotlarni reja asosida davom ettiradi. Fuqarolar tomonidan qilingan har bir murojaat doimiy e’tiborda bo‘ladi.
Kamoliddin Oqbo‘tayev,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining
Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning
Sirdaryo viloyati bo‘yicha mintaqaviy vakili.