Xiva tumani hokimi yoshlar bilan uchrashdi

2017-01-11

Xorazm viloyati Xiva tumani hokimi Erkin Yoqubov bir guruh faol yoshlar bilan uchrashdi.

Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili munosabati bilan “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi tomonidan tashkil etilgan uchrashuvda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yosh tadbirkorlar, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda yoshlarni vatanparvarlik va milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning intilish va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, iste’dod va salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun zamonaviy sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Birinchi Prezidentimizning 2014-yil 6-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Xiva tumani aholisining 158 mingdan ziyodi 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlardir. Tumanda 10 kasb-hunar kolleji, 1 akademik litsey, 58 umumta’lim maktabi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Futbol, og‘ir atletika, badiiy gimnastika, kurash, o‘zbek jang san’ati, stol tennisiga ixtisoslashgan zamonaviy sport inshootlari, turli yo‘nalishdagi to‘garaklar yoshlarning har tomonlama sog‘lom ulg‘ayishiga xizmat qilmoqda.

– Mamlakatimizda yoshlarning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallashi uchun barcha sharoit yaratilmoqda, – deydi Xiva turizm kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Iroda Davletova. – Jumladan, tumanimiz markazida joriy yilning ikkinchi yarmida “Yoshlar markazi”, yopiq suv havzasi, “Kamolot” kutubxonasi” kabi inshootlar foydalanishga topshirilishini eshitib, barcha yoshlar birday xursand bo‘ldik. Bu yoshlarning har tomonlama sog‘lom va barkamol ulg‘ayishiga xizmat qiladi.

Uchrashuvda yoshlar tuman hokimiga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildi. Samimiy muloqot tarzida o‘tgan uchrashuv yoshlarda katta taassurot qoldirdi.