Ustuvor vazifalar tahlili

2015-07-27

Namanganda joriy yilning birinchi yarmida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-2019-yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy qayta o‘zgartirish va diversifikatsiyalash dasturlari ijrosiga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Viloyat hokimi B.Yusupov boshqargan yig‘ilishda 2015-yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlar natijasi tahlil qilinib, asosiy e’tibor Prezidentimizning joriy yil 16-yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosining natijalariga qaratildi. Viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmining o‘sish sur’ati 9,7 foizga yetdi. Jumladan, sanoat ishlab chiqarishida 15,1, qishloq xo‘jaligida 6,1, investitsiyalarni o‘zlashtirishda 24,1, qurilishda 10,9 foiz o‘sishga erishildi.

“2013-2015-yillarda sanoat salohiyatini rivojlantirish dasturi” doirasida 41,2 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 164 loyiha amalga oshirildi va 1 ming 714 yangi ish o‘rni yaratildi. Joriy yilda Mahalliylashtirish dasturiga muvofiq 9 hududiy tasarrufdagi korxonaning 15 loyihasi bo‘yicha 16,2 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan bo‘lib, birinchi yarim yillikda 5,2 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi.

Hisobot davrida 55,3 million dollarlik mahsulot va xizmatlar eksporti amalga oshirildi va belgilangan prognoz 114,3 foizga bajarildi. Eksport salohiyatini oshirish va uning tarkibini kengaytirish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida eksportchi korxonalar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 11 taga oshdi va ular tomonidan 41 turdagi tovar va xizmatlar eksporti yo‘lga qo‘yildi. Besh xil yangi turdagi mahsulot eksporti amalga oshirildi.

Yig‘ilishda 2015-2019-yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirish va diversifikatsiyalash dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha ishlarni tizimli tashkil etish, iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha, uy-joy fondining kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi hamda ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Joriy yil oxiriga qadar sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish, sanoat korxonalari yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya qilish, xususiy mulkchilik va tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi to‘siq va cheklovlarni bartaraf etish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi bandligini ta’minlash dasturi parametrlarini bajarish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi, istiqboldagi rejalar belgilab olindi.

Tanqid va tahlil ruhida o‘tgan yig‘ilishda erishilgan yutuqlar bilan birga, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ham qayd etildi, ularni bartaraf etish choralari belgilandi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Ikromov so‘zga chiqdi.