Bolalar salomatligi - doimiy muhofazada

2017-01-08

Farg‘ona viloyati Toshloq tumani tibbiyot birlashmasining bolalar bo‘limida yosh avlod salomatligini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

60 o‘ringa mo‘ljallangan shifo maskani Sog‘lom ona va bola yilida mukammal rekonstruksiya qilinib, “Salomatlik-3” loyihasi doirasida zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi. Mustahkam moddiy-texnik baza yaratilgani kasalliklarni o‘z vaqtida aniqlash va davolash imkoniyatini yanada kengaytirdi.

– Bolaning sog‘lom o‘sishi onaning tibbiy madaniyatiga bevosita bog‘liq, – deydi bolalar bo‘limi bosh shifokori Baxtiyor Mirzayev. – Muassasamiz xodimlari yosh onalarga reproduktiv salomatlik, chaqaloq parvarishi, tug‘ruqlar oralig‘ini saqlash, oilada sog‘lom turmush tarzini yuritish kabi masalalar yuzasidan tushuntirish ishlarini muntazam yo‘lga qo‘ygan.