Farg‘ona viloyati hokimi tuman va shaharlarda aholi bilan muloqot o‘tkazmoqda

2017-01-04

Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev tuman va shaharlarda aholi vakillari bilan muloqotlar o‘tkazmoqda.

Mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish, shu yurtda yashayotgan har bir fuqaroning huquq va manfaatlarini ta’minlash, xalqimizning orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishidir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2017-yilning mamlakatimizda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilingani ham fikrimizni yaqqol tasdiqlaydi.

Muloqot hayotimizning mazmun-mohiyatini belgilaydi. Kayfiyatimiz, hayotdagi muvaffaqiyatlarimiz, o‘zaro munosabatlarimiz ko‘p jihatdan muloqotga bog‘liq. Ayniqsa, davlat organlari rahbarlarining xalq bilan uchrashishi, muloqot qilishi, dardu tashvishlarini tinglashi ham muhim ahamiyatga ega. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak.

Tuman va shaharlarda bo‘lib o‘tayotgan muloqotlarda aholining murojaatlari diqqat bilan tinglanmoqda, har tomonlama e’tiborga olinib, ularga amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.

Dang‘ara tumanida o‘tkazilgan uchrashuvda uy-joy, tadbirkorlik, salomatlikni tiklash, moddiy yordam olish masalalariga tegishli bir qator murojaatlar bildirildi. Mazkur masalalar yuzasidan tegishli tavsiyalar berilib, aksariyat masalalar joyida hal etildi. Ilgari bank tizimida faoliyat ko‘rsatgan Nargiza Ahmadaliyevaning masalasi yechimini topdi. Gap shundaki, u 4-yildan buyon ishsiz ekan. Qabulda mutasaddilar uning murojaatini bee’tibor qoldirishmadi. N.Ahmadaliyeva “Mikrokreditbank”ning tuman filialida o‘z ishini davom ettiradigan bo‘ldi.

Buvayda tumanida bo‘lib o‘tgan muloqotda fuqaro Dilafruz Soliyevaning maqsadi amalga oshdi. Tumanda maktabgacha yoshdagi bolalar uchun rus, ingliz, koreys tillarini o‘rgatuvchi markaz tashkil qilishda unga joy masalasi muammo bo‘lib kelayotgan ekan. Viloyat hokimi tomonidan uning bu maqsadi qo‘llab-quvvatlandi va markaz uchun joy ajratib berildi.

O‘tkazilayotgan uchrashuvlar xalq bilan muloqotning eng maqbul usuli sifatida aholining quvonch va tashvishlariga sherik bo‘lish, ularning qalbiga yo‘l topish, dardiga darmon bo‘lish, yumushiga ko‘maklashishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Zero, xalqimiz o‘z hayotidan rozi bo‘lsa, yurtimiz yanada farovon bo‘lib boraveradi.