Buxoroda oila mavzusiga bag‘ishlangan mintaqaviy seminar o‘tkazildi

2016-12-29

Buxoroda “Ahil va mustahkam oila – jamiyat tayanchi” mavzusida mintaqaviy amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Xotin-qizlar qo‘mitasi va “Oila” ilmiy-amaliy markazi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Buxoro va Navoiy viloyatlari tuman va shaharlari xotin-qizlar qo‘mitasi raislari, adliya boshqarmalari mutaxassislari, mahalla faollari hamda jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda oilalarni mustahkamlash, yoshlarni mustaqil oilaviy hayotga tayyorlash, sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Konstitutsiyamizning 63-moddasida oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega ekani mustahkamlab qo‘yilgan. Milliy qadriyatlarimizga hamohang mustahkam huquqiy asos yaratilgan.

Seminarda oila institutini mustahkamlash, oilaviy ajrimlarning oldini olish masalalari xususida fikr almashildi. Kamchiliklar va ularni bartaraf etishda muhim ahamiyatga ega ijobiy tajribalar tahlil qilindi. Erta turmush va yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlar oldini olish, nikoholdi tibbiy ko‘riklarni samarali tashkil etish, bitiruvchi qizlar bandligi, ularning biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.

Tadbirda oila mustahkamligini ta’minlashning muhim omili – nikoh shartnomasi va uning ahamiyati haqidagi kitob taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.