Xalq bilan muloqotning zamonaviy ko‘rinishi

2016-12-29

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida inson qadr-qimmati, huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni mustahkamlash borasidagi ishlar izchil amalga oshirilmoqda. Davlat boshqaruvi organlarining global tarmoqdagi rasmiy veb-saytlarida virtual qabulxonalar ochilib, ular ochiqlik, oshkoralik tamoyillari asosida faoliyat yuritayotgani davlat va xalq o‘rtasida ochiq muloqotni ta’minlash, joylardagi turli muammolarning o‘z vaqtida hal etilishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining mineconomy.uz rasmiy veb-saytida ochilgan virtual qabulxona ham aholi uchun bu borada talay qulayliklarga ega.

Vazirlik mamlakatimizni rivojlantirishning uzoq muddatli strategiyasi va kompleks dasturlarini ishlab chiquvchi va amalga oshiruvchi, chuqur ishlangan va muvozanatli ijtimoiy-iqtisodiy siyosat yuritilishini ta’minlovchi davlat boshqaruvi organidir.

Makroiqtisodiy barqarorlikni, iqtisodiyotni mutanosib va dinamik rivojlantirishni ta’minlash, ko‘p ukladli va samarali faoliyat ko‘rsatuvchi iqtisodiyotni shakllantirish, xususiy mulkchilik va bozor infratuzilmasini rivojlantirish, boy tabiiy va mineral xomashyo resurslaridan, yaratilgan ishlab chiqarish va ilmiy-texnik potensialdan samarali va oqilona foydalanishga yo‘naltirilgan aniq maqsadli tarkibiy siyosatni amalga oshirish, eksport imkoniyatini yanada boyitish va mamlakatimiz iqtisodiyotini jahon iqtisodiy tizimiga keng integratsiyalash, yangi ish o‘rinlari yaratish, mehnat resurslarini ish bilan oqilona ta’minlash, aholini manzilli ijtimoiy muhofaza qilishni kuchaytirish, aholi turmush darajasining barqaror, izchil o‘sishiga erishish vazifalari ushbu davlat organi zimmasiga yuklangan.

Aholi vazirlikka bank, moliya, soliq va bojxona faoliyatiga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollar, kredit, uy-joy va yer maydoni ajratish, mehnat shartnomalari, ish haqi va nafaqa puli olish bo‘yicha ariza va shikoyatlar, iqtisodiyot sohasini yanada rivojlantirishga doir takliflar bilan murojaat qilmoqda.

Muassasaga 2016-yil mobaynida jismoniy va yuridik shaxslardan 928 murojaat kelib tushgan. Murojaatlarning 392 tasi Interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yuborilgan.

Vazirlik veb-saytida virtual qabulxona faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi yurtdoshlarimizning turli masalalar, muammolar, ariza, shikoyat yoki takliflar bilan mamlakatimizning iqtisodiyot vaziriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri, tez va oson murojaat qilishiga, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga ishonchli javob olishiga keng imkoniyat yaratdi.

Sayt orqali onlayn murojaat yuborish shakli hamma uchun tushunarli va sodda tuzilgan. Murojaatlar o‘z vaqtida hamda ijobiy ko‘rib chiqilishi uchun har bir masala alohida va tushunarli tilda yo‘llanishi maqsadga muvofiqdir. Saytda murojaat maqomini (javob berilgan-berilmaganini) tekshirish mumkin. Eng muhimi, onlayn murojaatlarda elektron raqamli imzo talab qilinmaydi.

Ayni vaqtda vazirlik markaziy apparatida murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha ishchi guruhi faoliyat yuritmoqda. Yurtdoshlarimiz tomonidan ko‘tarilayotgan har bir masala vazirlik majlislarida muntazam muhokama qilinmoqda va ular mamlakatimiz qonunchiligi doirasida hal etilayotir. Zero, har bir murojaat ortida inson taqdiri bor.