Ustuvor vazifalar belgilab olindi

2016-12-28

Yoshlar ijod saroyida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Toshkent viloyati kengashi ijroiya qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 24-yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishishga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisidagi ma’ruzalaridan kelib chiqadigan ustuvor vazifalar muhokama etildi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Toshkent viloyati kengashi raisi M.Darxonov va boshqalar mamlakatimizda har bir yilga muayyan nom berilishi va Davlat dasturining qabul qilinishi o‘z yechimini kutayotgan muammolarni hal etish, turli soha va yo‘nalishlarni modernizatsiya qilishga asos bo‘layotganini ta’kidladi. Kirib kelayotgan 2017-yilning «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» deb e’lon qilinishi ana shu an’analar munosib davom etayotganidan darak beradi.

Yig‘ilishda partiya tizimida o‘tkazilib kelinayotgan siyosiy o‘quvlar tizimini takomillashtirish, jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish lozimligi ta’kidlandi.

«Xalq qabulxonalari»ni tashkil etish, ularni zamonaviy axborot texnologiyalari bilan ta’minlash zarurligiga e’tibor qaratildi.

Tadbirda partiya tizimidagi elektorat murojaatlarini samarali tahlil qilib borish, aholini o‘ylantirayotgan muammolarni hal etish, bunda huquq-tartibot idoralarining faoliyati bo‘yicha, uy-joy qurilishi, kommunal, transport va savdo xizmati, elektr energiya ta’minoti, yo‘llarning holatini yaxshilashga doir murojaatlarga alohida e’tibor qaratish lozimligi xususida so‘z bordi.