Viloyat hokimi olis qishloqlar aholisi bilan muloqot qilmoqda
2016-12-28
Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov viloyat tumanlarining ma’muriy markazlardan uzoq qishloqlarida aholi vakillari bilan bevosita muloqot o‘tkazmoqda.
Mamlakatimizda inson va uning manfaatlari oliy qadriyat hisoblanadi. Mustaqillik yillarida barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar zamirida ham aynan inson va uning manfaatlarini ulug‘lash, aholi turmush farovonligini yuksaltirishdek olijanob maqsad mujassam.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2017-yil mamlakatimizda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilinishi bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tardi.
“Hammamiz tushunamizki, xalq bilan muloqot, odamlarning ichiga kirish, ularning dardu tashvishlari bilan yashash, inson manfaatlarini ta’minlash – bu biz uchun faqat bir yillik ish emas. Bu masala kelgusi besh yillik faoliyatimizda ham eng ustuvor vazifa bo‘lib qoladi va bu haqiqatni hammamiz chuqur tushunib, yaxshi anglab olishimiz shart. Chunki, biz yurtimizda yangi davlat, yangi jamiyat qurish yo‘lida qanday ish qilsak, ularning barchasini xalqimiz bilan bamaslahat qilamiz”, dedi Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishishga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisidagi nutqida.
Viloyat hokimining qishloqlardagi ochiq muloqotlarida Prezidentimizning yuqoridagi da’vatiga muvofiq aholi bilan yuzma-yuz suhbatlashilmoqda, ularning orzu-maqsadari, dardu tashvishlari, fikr-mulohaza va takliflari eshitilmoqda. Mavjud kamchilik va muammolar yechimi yuzasidan maslahatlashilmoqda. Muloqotlarda, xususan, mahalliy hokimiyatning fuqarolar murojaatlari bilan ishlashi, bu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligi va fuqarolar faolligini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Chortoq tumanining Hazratishoh qishlog‘ida bo‘lgan muloqot Zangiobod mahallasi hududidagi 37-umumta’lim maktabida boshlandi. Bu yerda aholi asosan qishloq xo‘jaligi, xususan, bog‘dorchilik bilan shug‘ullanadi. Qishloq ahli suv tanqisligidan tashvishda. Bu masala xususida viloyat rahbari atroflicha to‘xtalib, Prezidentimizning saylovoldi uchrashuvidagi ma’ruzasi, unda viloyatga yo‘naltirilayotgan mablag‘lar, dasturiy maqsadlar, suv ta’minoti, yo‘l qurilishi, tadbirkorlik, ayniqsa, sanoat va servis sohasi rivojiga qaratilayotgan e’tibor, zamonaviy, arzon uy-joylar barpo etish, ko‘mir va suyultirilgan gaz ta’minotini yaxshilash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida axborot berdi.
To‘rtta umumta’lim maktabi, madaniyat va tibbiy xizmat muassasalari, 35 savdo, maishiy xizmat shoxobchasi faoliyat yuritayotgan qishloqda 2016-yilda aholi turmush farovonligini yuksaltirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Madaniyat va aholi dam olish markazi kapital ta’mirdan chiqarilib, zamonaviy jihozlandi. Zangiobod mahallasida zamonaviy mini futbol stadioni qurilib, foydalanishga topshirildi.
Muloqotda qishloqdan tuman markazigacha avtobus qatnovini yo‘lga qo‘yish, foydalanilmay qolgan tik quduqlarni qayta tiklash, 25-30 kilometr masofadan keladigan suv yo‘llari, ya’ni ariqlarni zamonaviy irrigatsiya texnologiyalari asosida ta’mirlash, qishloq yoshlari uchun kasb-hunar bo‘yicha qo‘shimcha o‘quv markazi ochish, qishloqda mevani qayta ishlash sexi yoki minizavod qurish, 20-umumta’lim maktabini sel xavfidan bexatar joyga ko‘chirish kabi qator masalalar xususida fikrlar tinglandi va muhokama etildi, tegishli choralar ko‘rish vazifalari belgilab olindi.
– Viloyat rahbarining qishlog‘imizga kelib biz bilan yuzma-yuz muloqotda bo‘lgani qishloq ahlining ruhini ko‘tarib yubordi, – deydi "Hazratishoh" mahalla fuqarolar yig‘ini maslahatchisi Muqaddam Oppoqboyeva. – Bunday uchrashuvlarda hududni yanada obodonlashtirish, odamlar turmush sharoitini yaxshilash bo‘yicha aniq yechimlar topilishi mumkin.
Viloyat hokimining joylarda aholi bilan muloqotlari davom etmoqda.