Keng ko‘lamli vazifalar belgilandi

2015-07-27

Farg‘ona viloyatini 2015-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga muvofiq, hududda 1 ming 989 istiqbolli loyiha amalga oshirildi.

Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, qulay ishbilarmonlik muhiti yaratish borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar samarasida viloyatda mazkur soha jadal rivojlanmoqda. Bugungi kunda viloyatda 18 ming 501 kichik biznes subyekti faoliyat ko‘rsatib, ularning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 51,2 foizga yetdi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida hisobot davrida tijorat banklari tomonidan 440,7 milliard so‘m kredit mablag‘lari ajratildi.

Farg‘ona viloyati faollarining joriy yil birinchi yarmida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari hamda 2015-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalari ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilishida shular xususida so‘z yuritildi.

Viloyat hokimi Sh.G‘aniyev boshqargan yig‘ilish sim orqali muloqot tarzida tashkil etildi. Unda xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari, boshqarma va idoralar, yirik sanoat korxonalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari rahbarlari ishtirok etdi.

Joriy yilning birinchi yarmida viloyatda amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, asosiy e’tibor Prezidentimizning shu yil 16-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosiga qaratildi.

Yalpi hududiy mahsulot ishlab chiqarish 7,1 foizga o‘sdi. Qishloq xo‘jaligida 6,2, chakana savdo aylanmasida 14,2, xalq iste’moli mollari ishlab chiqarishda 10,7, jami xizmatlarda 18 va pullik xizmatlar ko‘rsatishda 13,8 foiz o‘sishga erishildi.

Ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik qayta jihozlash va har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Hududiy tasarrufdagi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 17,6 foizga o‘sib, 700 milliard so‘mni tashkil etmoqda. Mazkurkorxonalar tomonidan 93,2 million dollarlik eksport amalga oshirildi.

Hisobot davrida xorijiy investitsiya ishtirokida 12 qo‘shma korxona tashkil etildi. Bunda qo‘shma korxonalarni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish borasida yaratilayotgan imtiyoz va kafolatlar ham asosiy omil bo‘lmoqda. Viloyatda 2012-yil yakuni bilan 22 qo‘shma korxona 11,6 milliard so‘mlik soliq va boshqa majburiy to‘lovlardan imtiyoz olgan bo‘lsa, 2014-yilda bu ko‘rsatkich 23 milliard so‘mdan ortdi. Iqtisod qilingan mablag‘lar korxonalar faoliyatini kengaytirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga sarflanmoqda.

Bandlik dasturi ijrosini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida 44 ming 309 yangi ish o‘rni yaratildi. Kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish masalasi doimiy e’tibor markazida.

Faollar yig‘ilishida erishilgan yutuqlar bilan birga, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga ham alohida e’tibor qaratildi, istiqboldagi vazifalar belgilab olindi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Ikromov so‘zga chiqdi.