Barcha e’zoz sizga bo‘lsin
2015-06-24
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida aholi, ayniqsa, yoshi ulug‘ insonlarni ijtimoiy himoya qilish, ular uchun munosib turmush sharoiti yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilning mamlakatimizda Keksalarni e’zozlash yili deb e’lon qilingani va shu asosda maxsus Davlat dasturi ishlab chiqilgani bu boradagi ishlar ko‘lami va samaradorligini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etayotir.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayonida keksa avlod vakillariga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikni kuchaytirish, ularning boy hayotiy tajribasini yoshlarga ibrat qilib ko‘rsatish masalasi ham yanada yangicha mazmun kasb etmoqda. Prezidentimizning joriy yil 18-fevraldagi “Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori faxriylarning salomatligini tiklash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda muhim dasturilamal bo‘layotir.
Mazkur hujjat ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan manzilli dasturga muvofiq, Hazorasp tumani hokimligi, “Nuroniy” jamg‘armasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman bo‘limlari, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harkati tuman kengashi, Bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi, tuman tibbiyot birlashmasi va boshqa tashkilot hamda muassasalar hamkorligida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Tumandagi qishloq vrachlik punktlari, sihatgohlar, sport-sog‘lomlashtirish majmualari zarur tibbiy anjom va jihozlar bilan ta’minlangan. Malakali shifokorlar Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylari, pensionerlarning uyiga borib, ularni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazayotir. Jismoniy imkoniyati cheklangan, yordamga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan, yolg‘iz keksalarga bepul tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda. “Keksalar duosini olaylik!” aksiyasi doirasida 70 nafar shunday insonlarga 40 million so‘mlik ijtimoiy-iqtisodiy yordam ko‘rsatildi. “Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmasin” shiori ostida barcha qishloq va mahallalarda madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilib, keksa avlod vakillari uchun mamlakatimizning qadimiy shaharlariga sayohatlar uyushtirildi.
Ayni paytda tumanda 19 nafar 1941-1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriysi istiqomat qiladi. 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan ularga Prezidentimiz nomidan “Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 70-yilligi” esdalik yubiley medali hamda pul mukofotlari topshirildi. Mamlakatimizda ishlab chiqarilgan zamonaviy televizor, mobil aloqa vositasi tuhfa etildi. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylari uchun foydalanilgan kommunal xizmatlar haqini to‘lash bo‘yicha imtiyozlar berildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan 60 dan ziyod faxriyning uyi hashar yo‘li bilan ta’mirlab berildi. To‘rt yuzdan ziyod keksa va nogironlar doimiy ravishda moddiy qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Tuman ichki ishlar bo‘limining pasport bo‘linmasi xodimlari jismoniy imkoniyati cheklangan keksa avlod vakillarining uyiga borib, biometrik pasport olishi uchun amaliy yordam ko‘rsatmoqda.
Ovshar qishlog‘ida 115 yoshli Yoqutjon momo Rahimova istiqomat qiladi. Momo singari yuz bilan yuzlashgan va yuzdan oshgan yoshi ulug‘ insonlarni ziyorat qilish, ular holidan boxabar bo‘lishni, ayniqsa, yoshlar o‘z burchi, deb biladi.
– Sobiq tuzum davrida atigi ikki kilogramm bug‘doy uchun sahardan to shomgacha tinim bilmay mehnat qilardik, – deydi momo. – Bir necha bug‘doy donasi etigi poshnasiga ilashib qolgani uchun qamalib ketganlarni ko‘rdik. Umrimning ko‘p davri paxtazorda o‘tdi. “Tepa”dan kelgan planni bajarish uchun qahratonda izillab paxta tergan kunlarimni unutish og‘ir. Yaratganga shukr, yurtimiz mustaqillikka erishgach, biz ham insonday yashay boshladik. Mehnat qadr topdi. Qishloqlarimiz tobora obod bo‘lib bormoqda. Yoshlarimizning baxtiga havasim keladi. Bularning barchasi yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik tufayli, Yurtboshimiz yuritayotgan oqilona siyosat samarasidir. Keksalari e’zozda, yoshlari g‘amxo‘rlik og‘ushida bo‘lgan yurtimizdan farovonlik, qut-baraka arimasin. Baxtimizga ko‘z tegmasin.
O‘ktam Qurbonov,
Xorazm viloyati Hazorasp
tumani hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi.