Oilalari mustahkam, farzandlari sog‘lom yurt

2016-12-23

Poytaxtimizda «Sog‘lom ona va bola yili» Davlat dasturi ijrosi doirasida «Ahil va mustahkam oila – jamiyat tayanchi» mavzuida seminar o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, «Oila» ilmiy-amaliy markazi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari, Toshkent shahri va viloyati hokimliklari, tuman xotin-qizlar qo‘mitasi mutaxassislari, mahalla faollari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi X.Yodgorov, Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi S.Fayziyeva va boshqalar mamlakatimizda oilaning jamiyat hayotidagi o‘rnini yanada mustahkamlash, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy manfaatlarini himoya qilish, sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalashdagi nufuzini yanada oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Yig‘ilishda Toshkent shahri va viloyatida oilaviy ajrimlarning oldini olish maqsadida nikohlanuvchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, erta turmush va yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning oqibatlarini tushuntirishga qaratilgan ma’rifiy-targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilayotganligi qayd etildi.

– Oila – hayot abadiyligi va avlodlar davomiyligini ta’minlovchi qadriyatlar beshigi, – deydi Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumani hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Kifoyat Ermuhammedova. – Viloyatimizda oilalar mustahkamligini ta’minlash, erta nikohning oldini olish maqsadida ko‘plab tashkilotlar hamkorligida chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. "Sog‘lom ona va bola yili" Davlat dasturi ijrosi doirasida olib borilgan chora-tadbirlar natijasida viloyat bo‘yicha o‘tgan yilga qaraganda 500 dan ziyod oilalar ajralish holatining oldi olindi.

Sog‘lom ona va bola yilida kollejlarni bitirgan qizlarni ish bilan ta’minlash, ularga o‘z biznesini tashkil etishi uchun imtiyozli kreditlar ajratish, yosh oilalarga uy-joy sotib olish va qurish uchun ipoteka kreditlari, uzoq muddat foydalanishga mo‘ljallangan tovarlar xarid qilishga iste’mol kreditlari berish borasidagi ishlar ko‘lami yanada keng quloch yoydi.

Seminarda «Nikoh va oila – Konstitutsiya va qonunlarimiz himoyasida», “Oilaviy ajralishlarning oldini olishda davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligi”, "Nikoh shartnomasi – oila mustahkamligining garovi” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.