Viloyat hokimi aholi bilan muloqot o‘tkazdi

2016-12-22

Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov tuman va shaharlarda aholi vakillari bilan muloqotlar o‘tkazmoqda.

Mamlakatimizda inson manfaatlarini ulug‘lash, iqtisodiyotimizni, aholining turmush farovonligini yanada yuksaltirish, bandligini ta’minlash, fuqarolar ongu tafakkurida istiqlol g‘oyalari va milliy qadriyatlarimizga hurmat tuyg‘ularini mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Viloyat hokimining tuman va shaharlarda o‘tkazayotgan ochiq muloqotlarida aholi murojaatlari bilan ishlash, shu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini, fuqarolar faolligini yanada oshirish, aholini o‘ylantirayotgan masalalarni chuqur o‘rganish va mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2017-yilning mamlakatimizda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilingani bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Marhamat tumanidagi "Alitepa" mahalla fuqarolar yig‘inida o‘tkazilgan uchrashuvda mamlakatimizda aholi turmush farovonligini yuksaltirish, qurilish, obodonlashtirish, xalqimiz uchun qulay yashash sharoiti yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

Uchrashuvda mahallada yechimini kutayotgan masalalar, xususan, mahalla hududidagi 7-umumta’lim maktabida sport zali yo‘qligi, ko‘cha va yo‘llarni ta’mirlash, elektr energiyasi va suv ta’minotini yanada yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi, ayniqsa, yoshlar bandligini ta’minlash yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi. Viloyat hokimi ko‘tarilgan masalalarni ijobiy hal etish yuzasidan mutasaddi idoralar rahbarlariga tegishli topshiriqlar berdi.

– Viloyat hokimi aholini qiziqtirayotgan masalalar, mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan uchrashuvlar o‘tkazayotgani juda yaxshi bo‘ldi, – deydi mehnat faxriysi Qodirjon Toshboltayev. – Bu joylardagi yechimini kutayotgan muammolarni hal etishga, qishloqlarimizni yanada obod va go‘zal maskanga aylantirish borasidagi ishlarni yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.

Bunday muloqotlar Andijon shahri, Oltinko‘l, Baliqchi va Izboskan tumanlarida ham bo‘lib o‘tdi.