Mahsulot yetishtirish va qayta ishlash hajmi yanada oshadi

2016-12-22

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Fermerlari kengashi mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 24-yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasidan kelib chiqadigan vazifalarga bag‘ishlab davra suhbati o‘tkazdi.

Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili deb e’lon qilingan 2017-yilda aholi bilan muloqot qilishning samarali tizimini yo‘lga qo‘yish borasida O‘zbekiston Fermerlari kengashi zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklanadi. Zero, bugungi kunda fermerlik harakati aholining turmush darajasi va sifatini oshirishda, qishloqni jadal rivojlantirish va obodonlashtirishda, aholi bandligi va farovonligini ta’minlashda asosiy kuchga aylanib bormoqda.

Davlatimiz rahbari mamlakatimiz Konstitutsiyasi qabul qilinganining 24-yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda qishloq xo‘jaligi sohasini isloh qilish, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish inson manfaatlarini ta’minlash, qishloqlarda yashayotgan aholining hayot darajasi va sifatini oshirish bilan bevosita bog‘liq ekanligini alohida qayd etdi. Bu esa sohadagi tizimli o‘zgarishlarda ilg‘or xalqaro tajribalarni qo‘llagan holda, yuqori texnologiyaga asoslangan intensiv bog‘ va uzumzorlar barpo etish, eksportga yo‘naltirilgan meva-sabzavot va oziq-ovqat hamda chorvachilik mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirishni talab etadi.

– Keyingi 5-yilda meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash hajmini 1,8 barobar oshirish, paxta xomashyosini chuqur qayta ishlash bo‘yicha aniq rejalar belgilab olinmoqda, – deydi Bo‘ka tumanidagi “Yoqutxon-Said” fermer xo‘jaligi rahbari Saidislom Sa’dullaev. – Fermerlar paxta, g‘alla, meva-sabzavot, poliz mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va ularning eksporti bo‘yicha bor kuch-g‘ayratini ayamaydi.