Sog‘lom oila, baxtli avlod, mustahkam jamiyat
2016-12-21
Toshkent shahrida oila munosabatlari muammolarini o‘rganish bo‘yicha Ishchi guruhining navbatdagi kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda oila munosabatlarini mustahkamlash, erta nikoh va oilaviy ajralishlarning oldini olish masalalari tanqidiy ko‘rib chiqildi. Ishchi guruhning hisoboti tinglandi.
Toshkent shahar prokuraturasi, ichki ishlar, adliya, sog‘liqni saqlash bosh boshqarmalari vakillari, fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar va tumanlararo sudlari raislari, tuman hokimliklari, «Mahalla» xayriya jamoat fondi, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati mutaxassislari ishtirok etgan tadbirda oilaviy ajrimlar yuzasidan mutasaddi tashkilotlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, mavjud muammolarni bartaraf etish yo‘llari tahlil etildi.
Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari M.Obidov, shahar hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi F.Abdurahimova, Toshkent shahar bosh imom xatibi o‘rinbosari R.Rahmonov, “Mahalla” xayriya jamoat fondi Toshkent shahar bo‘limi boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi A.G‘ulomov va boshqalar yosh oilalarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, oilaning ijtimoiy negizini mustahkamlash, uning tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash, ma’nan yetuk, jismonan sog‘lom farzandlarni voyaga yetkazishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
– Oila – jamiyat butunligi va ahilligini kafolatlovchi qo‘rg‘on, inson hayotiga to‘kislik bag‘ishlovchi maskan, avlodlar davomiyligini ta’minlovchi muqaddas dargoh, – deydi Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi katta mutaxassisi Nasiba Najmiddinova. – Poytaxtimizda 700 mingdan ziyod oila mavjud. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida 2016-yil 11 oyida poytaxtimizda 1 ming 12 oila ajralishdan saqlab qolindi. Oilalar ajralish holatlarining oldini olish maqsadida davlat idoralari va jamoat tashkilotlari hamkorlikda ish olib bormoqda.
Yig‘ilishda oilaviy ajralishlarning oldini olish, oilalarda sog‘lom muhitni mustahkamlash, erta turmush qurish va yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh, oilaviy nizolarni bartaraf etish masalalari muhokama etildi.
Tadbirda yosh oilalarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, onalik va bolalikni ijtimoiy muhofaza etish, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash, oila mustahkamligini ta’minlash lozimligi qayd etildi.