Tuman hokimi bilan uchrashuv chog‘ida bir guruh bitiruvchilar ish bilan ta’minlandi

2016-12-20

Farg‘ona viloyati Rishton tumanida “Sog‘lom fikrli yoshlar – yurt tayanchi” shiori ostida yoshlar festivali o‘tkazildi.

Viloyat hokimligi tomonidan tashkil etilgan va taniqli adiblar, san’atkorlar, sportchilar, yoshlar ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda navqiron avlodni barkamol etib tarbiyalash, yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish, iste’dodini namoyon etishi uchun zarur sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonuni, Birinchi Prezidentimizning 2014-yil 6-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Rishtonlik yoshlar ilm-fan, tadbirkorlik, san’at va sport sohalarida yuqori natijalarga erishmoqda. Kasb-hunar kolleji bitiruvchilari bandligini ta’minlash, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, tashabbus va intilishlarini qo‘llab-quvvatlash doimiy e’tiborda.

Festival doirasida tumandagi 45-umumta’lim maktabining yangi qurilgan sport majmuasi foydalanishga topshirilishi yoshlar uchun ajoyib tuhfa bo‘ldi. Shuningdek, kitob yarmarkasi, turli sport musobaqalari va bir qator loyihalar tashkil etildi.

Har bir loyiha o‘zgacha tantanaga aylanib ketgani ishtirokchilarda bir olam taassurot qoldirdi. Xususan, “Hokim va yoshlar” loyihasida tuman hokimi G‘.Mamadaliyev yoshlar bilan uchrashdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan 2017-yil mamlakatimizda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilingani bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda alohida ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Uchrashuvda yoshlar tuman hokimiga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildi.

Xotin-qizlar o‘rtasida tashkil etilgan voleybol, mahallalar yoshlari o‘rtasidagi belbog‘li kurash, stol tennisi, shaxmat-shashka kabi sport musobaqalari barchaga manzur bo‘ldi.

– Festival biz, yoshlarni Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligiga xizmat qilishdek mushtarak maqsad yo‘lida yanada jipslashtiradi, – deydi M.Xolmirzayeva. – Shu yil Qo‘qon pedagogika kollejini tamomladim. Bugun tuman hokimi bilan o‘tkazilgan uchrashuvda bir guruh bitiruvchilar ish bilan ta’minlandi. Ular qatorida men ham borligimdan faxrlanaman.

Festival yakunida konsert dasturi namoyish etildi, loyiha va sport musobaqalarida faol ishtirok etgan yoshlar tashkilotchilar tomonidan taqdirlandi.