Aholi bilan muloqot – dolzarb vazifa

2016-12-20

O‘zbekiston "Adolat" sotsial-demokratik partiyasi siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi va partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 24-yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishishga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisidagi ma’ruzalaridan kelib chiqib, partiya tashkilotlari va uning deputatlik korpusi oldidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Tadbirda O‘zbekiston "Adolat" SDP siyosiy kengashi raisi N.Umarov va boshqalar davlatimiz rahbari ma’ruzalarida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov boshlab bergan keng ko‘lamli siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar yo‘lini og‘ishmasdan, qat’iy va izchil davom ettirishga qaratilgan ko‘pqirrali va muhim ustuvor vazifalar ilgari surilganligini ta’kidladi. Ushbu vazifalarni amalga oshirishda davlat va jamoat tashkilotlari qatorida siyosiy partiyalar ham faol ishtirok etishi zarurligi qayd etildi.

Fraksiya a’zolari Prezidentimiz ma’ruzalarida alohida qayd etilgan qonunlarni amalga oshirish mexanizmlarini yaratish borasida hal qilinishi lozim bo‘lgan ishlar, qonunlarning islohotlar samarasiga ta’siri yetarlicha sezilmayotgani, ijtimoiy munosabatlarni bevosita tartibga solishdagi roli pastligicha qolayotgani haqidagi tanqidiy fikrlaridan tegishli xulosa chiqarish va ushbu masalaga jiddiy yondashish zarurligiga e’tibor qaratdi.

Qabul qilinayotgan qonunlarni xalqqa, ijrochilarga yetkazish, ijro mexanizmlarini yanada kuchaytirish, qonunlarda belgilangan vakolatlardan foydalanib, parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda tegishli masalalar yuzasidan mansabdor shaxslar eshituvini tizimli ravishda tashkil etish, amalga oshirilgan ishlarni partiya nashrlarida yoritib borish zarurligi haqida so‘z yuritildi.

– Barcha darajadagi rahbarlarning fuqarolar tomonidan ko‘tarilayotgan masalalarga jiddiy e’tibor qaratishi va o‘z vaqtida javob qaytarishi, ularning aholi oldida hisobot berish tizimini joriy etish haqidagi bugungi kun uchun g‘oyat muhim ahamiyat kasb etuvchi fikrlar deputatlarga ham o‘z faoliyatiga yangicha mas’uliyat bilan qarashni talab qiladi, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Abdug‘ani Umirov. – Avvalo, turli sohalardagi byurokratik to‘siqlarni olib tashlash, qonunga zid bo‘lgan ko‘plab idoraviy yo‘riqnomalarni bekor qilish, stavkasi optimal bo‘lgan bank kreditlari ajratish, tadbirkorlik bo‘yicha noqonuniy tekshirishlarga barham berish masalalarida davlat boshqaruvi organlari mas’ul xodimlari ishtirokida davra suhbatlari tashkil qilish maqsadga muvofiq.

Majlisda Prezident ma’ruzalaridan kelib chiqib, O‘zbekistan "Adolat" SDP siyosiy kengashi markaziy apparati va hududiy kengashlarida doimiy asosda faoliyat olib boradigan "Xalq qabulxonalari" hamda partiya rasmiy veb-saytida virtual qabulxona tashkil etish, ushbu mexanizm aholining keng qatlami va elektorat bilan aloqalarni yanada yaqinlashtirishga xizmat qilishi, shuningdek, 2017-yilga Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb nom berilishi munosabati bilan partiya siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasining kelgusi yilga mo‘ljallangan ish rejalarini tuzishda e’tibor karatilishi zarur bo‘lgan yo‘nalishlar bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.