Sog‘lom ona – sog‘lom bola: hududlar tajribasi
2016-12-15
Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida mamlakatimizda ona va bola salomatligini muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, bu yo‘nalishda hududlardagi tibbiyot muassasalarida erishilayotgan natijalar va istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi, Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va boshqa tegishli tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Toshkent shahar va viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari vakillari, tibbiyot oliy o‘quv yurtlari olimlari, onalik va bolalikni muhofazalash yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar, birlamchi tibbiy sanitariya bo‘g‘ini shifokorlari va jurnalistlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Ikromov, Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori D.Ahmedova va boshqalar Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning g‘oyasi va tashabbusi asosida ishlab chiqilgan va izchillik bilan amalga oshirilayotgan «Sog‘lom ona – sog‘lom bola» milliy dasturi ona va bola salomatligini muhofazalash, xalqimizning zamonaviy tibbiy yordamdan bahramandligini oshirish, inson manfaatlarini ta’minlashda muhim omil bo‘layotganini alohida ta’kidladi.
Keyingi yillarda bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida uch yuzdan ortiq tibbiyot muassasalari, jumladan, viloyat ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazlari, oilaviy poliklinikalar, tuman va shahar tibbiyot birlashmalari rekonstruksiya etildi. Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasi hamda viloyat ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazlari zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi.
Ayni paytda aholi, xususan, ona va bolaga ko‘rsatilayotgan patronaj yordamini yanada kengaytirish, bu yo‘nalishda tibbiy-profilaktika, diagnostika, davolash ishlarining sifatini oshirish, perinatal tibbiy yordamni hududiylashtirish, qiyin kechadigan tug‘ruqlarda ona va bolaga tibbiy ko‘makni kuchaytirish, bolalar nogironligining oldini olish, o‘smir qizlarga tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini yaxshilash, zamonaviy, kam invaziv operatsiya usullaridan foydalanish samaradorligini oshirish bilan bog‘liq ustuvor vazifalar o‘z yechimini kutmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 2-noyabrdagi O‘zbekistonda 2016-2020-yillarda onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorida ana shu yo‘nalishdagi ustuvor vazifalar belgilab berilgan.
Anjumanda ona va bola salomatligini muhofazalashda zamonaviy tibbiy yordamni hududiylashtirish va ilg‘or texnologiyalarga asoslangan tibbiy yordamdan aholining barcha qatlami bahramandligini oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari boshliqlarining joylarda bu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlarga oid ma’ruzalari tinglandi.
Aytish joizki, bugungi kunda mamlakatimizning barcha hududlarida ona va bolaga zamonaviy tibbiy-profilaktika, shoshilinch, ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha zamonaviy tizim shakllangan. Uch mingga yaqin qishloq vrachlik punktlari, perinatal, skrining markazlarining hududiy bo‘limlari bu yo‘nalishda aholiga xizmat ko‘rsatmoqda.
Samarqand viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi faoliyati bunga misoldir. To‘rt yuz ellikka yaqin malakali shifokor va hamshiralar faoliyat yuritadigan tibbiyot muassasasida yuqori texnologiyalarga asoslangan diagnostika va davolash amaliyotlarini bajarish uchun barcha sharoit yaratilgan. Shifo muassasasida bolalarda uchraydigan kasalliklarni kam invaziv operatsiya usullari asosida davolashga erishilmoqda. Markaz shifokorlari tibbiyotning bunday ilg‘or yutuqlarini tuman tibbiyot bo‘limlari amaliyotiga tatbiq etishga ham ko‘maklashmoqda. Joriy yilda bu yo‘nalishda tumanlarda yigirmadan ko‘proq mahorat maktabi mashg‘ulotlari tashkil etildi. Bolalarga ko‘rsatilayotgan zamonaviy tibbiy yordamni yanada takomillashtirish maqsadida 2017-yilda bolalar kardiojarrohlik bo‘limini ochishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari va perinatal markazlar faoliyatini baholash va monitoring jarayonida ushbu markaz jamoasining ana shunday sa’y-harakati yuqori baholandi va Samarqand viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi onalik va bolalikni muhofazalash yo‘nalishida eng faol tibbiyot muassasalaridan biri, deb topildi.
Anjumanda mamlakatimizda onalik va bolalikni muhofazalash borasida amalga oshirilayotgan tibbiy-ijtimoiy tadbirlar samaralari, hududlarda bu yo‘nalishda erishilayotgan natijalar, istiqboldagi vazifalarga oid ma’ruzalar tinglandi. 2016-2020-yillarda onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish borasida belgilangan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida hayotga tatbiq etish xususida fikrlashildi.