Xalq va Vatan manfaati yo‘lidagi islohotlar yangi sifat bosqichiga chiqadi
2016-12-13
O‘zbekiston Respublikasining saylangan Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Konstitutsiyamiz qabul qilinganining yigirma to‘rt yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasi joylarda katta qiziqish bilan o‘rganilmoqda
O‘zbekiston Respublikasining saylangan Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Bosh qomusimiz qabul qilinganining 24-yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasini barcha yurtdoshlarimiz kabi men ham katta qiziqish va hayajon bilan tingladim. Xalq va Vatan manfaati yo‘lidagi islohotlarning yangi sifat bosqichiga chiqishidan dalolat beradigan o‘zgarishlar borasidagi fikrlardan juda ta’sirlandim.
Birinchi Prezidentimizning yonida uzoq yillar yonma-yon turib davlatni boshqarishda ko‘maklashgan, xalqning muammo va yutuqlarini ko‘nglidan o‘tkazgan, his qilgan insongina ana shunday ustuvor vazifalarni belgilab bera oladi. Yon-atrofga teranroq razm solib, mushohada yuritishga chorlaydi. Bitta oilani boshqarishning o‘ziga yarasha qancha mashaqqatlari bor, davlatni boshqarish oson emasligi hammaga kundek ravshan.
O‘n yildan buyon qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yuritayotgan bo‘lsam, shu davrda o‘tkazilgan har bir selektorda Bosh vazir fikrlarini tinglab, maslahatlariga quloq solib, mo‘l hosil yetishtirdik. Fermerlar birovdan kam bo‘lgani yo‘q. Qishloq xo‘jaligi sohasida erishilgan yutuqlarimizni butun dunyo e’tirof etmoqda. Bunga joriy yilda o‘tkazilgan meva-sabzavot mahsulotlarining xalqaro savdo-yarmarkasi yorqin dalil bo‘la oladi.
Kirib kelayotgan 2017-yilga mamlakatimizda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb nom berilishi o‘z mazmun mohiyati bilan barchaga birdek ma’qul bo‘ldi. Suvchi, traktorchi, fermer, mahalla oqsoqoli, kim bo‘lishidan qat’i nazar, turli sohada faoliyat yuritayotgan yurtdoshlarimiz mamlakatimizda inson manfaati har narsadan ulug‘ ekaniga yana bir karra ishonch hosil qilganini qayd etmoqda. Davlatimiz rahbarining har bir tuman va shaharda “Xalq qabulxonalari”ni tashkil etish va ular to‘laqonli faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash zarurligini ta’kidlagani ko‘p qatori menga ham manzur bo‘ldi. Axir, hokimlar, tegishli mutassadilar aholining murojaatlarini tinglasa, uni yechimini topishga harakat qilsa, bu mamlakatimizning yanada obod bo‘lishiga, xalqimizning farovonligini oshirishga xizmat qiladi. Yana bir jihati, bunday qabulxonalar siyosiy partiyalar fuqarolar maqsad va manfaatlarini ruyobga chiqaradigan kuch sifatida odamlar hayotidagi muammolardan doimo xabardor bo‘lishini ta’minlaydi hamda aholini keng qatlami bilan yanada yaqinlashtiradi.
“Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturida yoshlarimizni sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash muhim o‘rin tutishi zarurligi qayd etildi. Yoshlar bugungi va ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi sifatida maydonga chiqayotgani barchamizga cheksiz mamnuniyat bag‘ishlaydi.
Dunyoda g‘oyat tahlikali vaziyat hukm surayotgani, bugungi osuda va farovon hayotimizga xavf soluvchi xatarlar mavjudligi farzandlarimiz tarbiyasiga jiddiy yondashib, ularni ekstremizm, terrorizm, giyohvandlik, "ommaviy madaniyat"dan, g‘arazli kuchlar ta’siridan asrashni har qachongidan ham kuchaytirishni taqozo etadi. Shu bois ta’lim va tarbiya tizimining barcha bo‘g‘ini faoliyatini zamon talablari asosida rivojlantirish, yangi o‘quv muassasalarini, madaniyat, san’at va sport maskanlarini barpo etish, yoshlarni ish bilan ta’minlash, ularni tadbirkorlik sohasiga jalb qilish birinchi darajadagi ustuvor vazifalardan biri sifatida ko‘rsatildi.
O‘zbekiston Respublikasining saylangan Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ta’biri bilan aytganda, bolalarimizni birovlarning qo‘liga berib qo‘ymasdan, ularni o‘zimiz tarbiyalashimiz lozim. Zero, farzandlarimiz har jihatdan sog‘lom va barkamol bo‘lib, hayotda o‘z o‘rnini topmog‘i shart.