Imkoniyati cheklangan fuqarolarga nogironlik aravachalari va yurish moslamalari topshirildi

2016-12-12

«Sog‘lom ona va bola yili» Davlat dasturi ijrosini ta’minlash doirasida «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya fondi tomonidan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, Mehribonlik uylari, maxsus maktab-internatlar tarbiyalanuvchilari, jismonan imkoniyati cheklangan bolalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida xayriya va madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.

“Har kim qariganda, mehnat layoqatini yo‘qotganda, shuningdek,

boquvchisidan mahrum bo‘lganda va qonunda nazarda tutilgan

boshqa hollarda ijtimoiy ta’minot olish huquqiga ega”.

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, 39-moddasidan.


Navbatdagi xayriya tadbirida poytaxtimiz hamda Toshkent viloyatida istiqomat qiluvchi imkoniyati cheklangan fuqarolarga nogironlik aravachalari va ularning ehtiyot qismlari, yurish moslamalari, qo‘ltiqtayoqlar topshirildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi hamda O‘zbekiston nogironlar jamiyati vakillari, turli yoshdagi imkoniyati cheklangan fuqarolar, ularning ota-onalari ishtirok etdi.

Taqdim etilgan nogironlik aravachalari va yurish moslamalari Germaniyaning “Tovarishch – Helf for Children” hamda AQShning “AmeriCares” xalqaro tashkilotlari tomonidan yuborilgan. Fond yigirma yildan buyon hamkorlik qilib kelayotgan “AmeriCares” xalqaro tashkiloti ko‘magida joriy yilda ham 550 nafar kam ta’minlangan oila farzandlari hamda imkoniyati cheklangan fuqarolarga maxsus aravachalar topshirdi.

– Qizim bolaligidan yura olmaydi, – deydi Olmazor tumanidan T.Mahmudova. – Uyda o‘tirib zerikardi. Endi aravachada ko‘chalarni aylantirish imkoni borligidan xursandman. Davlatimizga, fondga, tashkilotchilarga o‘z minnatdorligimni bildiraman.