Sog‘lom ona va bola – sog‘lom jamiyat asosi
2016-11-24
Farg‘ona viloyatida “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida joriy yilning o‘tgan davrida 733 milliard so‘m va 15,5 million dollardan ortiq mablag‘ sarflandi.
Mamlakatimizda sog‘lom ona – sog‘lom bola masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan. Mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida mutlaqo yangi tizim – perinatal, skrining xizmatlari, reproduktiv salomatlik markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan tug‘ruq majmualari barpo etildi, onalik dasturi hayotga izchil tatbiq qilinmoqda. Qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalarda o‘smir qizlar, tug‘ruq yoshidagi va homilador ayollar, yosh onalarning salomatligini doimiy nazorat qilib borish, ularni o‘z vaqtida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratildi.
Bunday ulkan sa’y-harakatlar zamirida avvalo inson, uning manfaatlari, aholi farovonligini yuksaltirish, jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk avlodni kamolga yetkazishdek ezgu maqsadlar mujassam. 2016-yil – Sog‘lom ona va bola yilida bu boradagi ishlar ko‘lami yanada kengaydi.
– Onalik va bolalikni muhofaza qilish, xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, sog‘lom avlodni tarbiyalashda ularning rolini kuchaytirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi Farg‘ona viloyati hokimining o‘rinbosari, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi To‘lqinoy Tojiyeva. – Ayollarimizning turmush sharoitini yaxshilash maqsadida shahar va tumanlarda 21 maishiy xizmat majmualari ishga tushirildi. Qizlarni sog‘lom va barkamol etib voyaga yetkazish, oilaviy hayotga tayyorlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ta’lim muassasalari va mahallalarda “Orasta qizlar” to‘garaklari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ularga tajribali shifokor va psixologlar jalb etilgan. Tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan kollej bitiruvchilariga 26 milliard so‘mdan ortiq kreditlar ajratildi. "Tadbirkor qizning eng yaxshi biznes loyihasi" tanlovi ham shahar va tumanlarda yuksak saviyada tashkil etildi. Tanlovning viloyat bosqichida 40 loyihaga tijorat banklari tomonidan 434 million so‘m kredit ajratildi.
Viloyatdagi nodavlat notijorat tashkilotlari ham Davlat dasturi ijrosini ta’minlashda faol ishtirok etmoqda. Jumladan, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda ta’lim muassasalarida yoshlarni oilaga tayyorlash, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, erta turmush va yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning oldini olishga oid tadbirlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda. “Erta turmushga chiqishning salbiy oqibatlari”, “Siz turmush qurishga tayyormisiz?”, “Erta nikoh – umr zavoli”, “Erta homiladorlikning salbiy oqibatlari” kabi mavzularda o‘tkazilayotgan seminar, davra suhbatlari yoshlar madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilayotir.
Tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini yanada yaxshilash ham doimiy e’tiborda. Davlat dasturi ijrosi doirasida Beshariq, Furqat, Dang‘ara, Bag‘dod, Buvayda, Uchko‘prik, Oltiariq, Rishton, Quva, Toshloq tumanlarida yangi tibbiyot maskanlari qurilib, zamonaviy tarzda jihozlandi. Birinchi Prezidentimizning 2014-yil 1-avgustdagi “2014-2018-yillarda O‘zbekistonda aholining reproduktiv salomatligini yanada mustahkamlash, onalar, bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish borasidagi Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.
"Sog‘lom ona va bola yili" Davlat dasturi ijro doirasida viloyatda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar davom ettirilmoqda.