Deputatlik nazoratining dolzarb vazifalari

2016-11-21

Namanganda “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi va boshqa dasturlar ijrosi yuzasidan deputatlik nazorati samaralari: yutuqlar, muammolar va istiqboldagi vazifalar” mavzusida mintaqaviy seminar bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda senatorlar, xalq deputatlari Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlari Kengashlari deputatlari, hokimliklar tashkiliy-nazorat guruhi rahbarlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ilgari surilgan mamlakatimizda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan vazifalar bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgani, jumladan, davlat hokimiyati va boshqaruvini demokratlashtirish, joylarda qonun chiqaruvchi hamda vakillik hokimiyatining vakolatlari va nazorat vazifalarining rolini kuchaytirishga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani ta’kidlandi. Ayni yo‘nalishdagi chora-tadbirlar tufayli mahalliy Kengashlar ishi sifat jihatdan ijobiy tomonga o‘zgarib, vakillik organlari faoliyatining samaradorligi ortmoqda.

Mahalliy vakillik organlarining qonuniy vakolatlari kengayib, joylardagi dolzarb masalalarni hal etishdagi roli kuchayayotgani islohotlar samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, 2014-yilning 1-yanvaridan amalga kiritilgan O‘zbekiston Respublikasining Byudjet kodeksida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar Kengashlarining byudjet sohasidagi vakolatlari aniq belgilab berildi. Mazkur kodeksga muvofiq, maxalliy Kengashlar mahalliy byudjetni qabul qilish bilan birga, ularning tegishli davrdagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlarni har chorakda ko‘rib chiqish vakolatiga ham ega bo‘ldi. 2014-yil 16-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, 2015-yil 9-iyunda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun xujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ayrim qonun xujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi qonunlarga muvofiq, xalq deputatlari maxalliy Kengashlarining vakolatlari yanada kengaytirildi.

– Mahalliy Kengashlar ana shu o‘zgarishlardan kelib chiqib, o‘z faoliyatiga yangi uslublar tatbiq etmoqda, – deydi xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashi deputati Nargiza Muhammadiyeva. – Masalan, viloyat Kengashida haftaning dushanba kuni “Deputatlar kuni” deb e’lon qilingan. Unda ma’lum bir doimiy komissiya hudud ijtimoiy-iqtisodiy faoliyati bilan bog‘liq dastur bo‘yicha hisobotini taqdim etadi. Natijalar tahlil qilinib, mavjud kamchiliklarni bartafar etish vazifalari belgilab olinadi.

Seminarda mahalliy vakillik organlari nazorat faoliyatini tashkil etishining xuquqiy asoslari, jumladan, keyingi paytlarda qonunchilikka kiritilgan yangi normalarni amalga oshirish mexanizmlari xususida so‘z yuritildi. Mahalliy Kengashlar deputatlarining “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi va boshqa dasturlar ijrosi ustidan olib borayotgan faoliyati ham muhokama qilindi. Ayni jarayonda erishilgan natijalar, yechimini kutayotgan muammolar va to‘liq foydalanilmayotgan imkoniyatlar tahlil etildi.

Tadbirda mahalliy Kengashlar nazorat faoliyatini takomillashtirish, bunda siyosiy partiyalar deputatlik guruhlarining rolini kuchaytirish yuzasidan bildirilgan taklif va tavsiyalar asosida navbatdagi vazifalar belgilab olindi.