Farg‘onada Janubiy koreyalik shifokorlar aholini tibbiy tekshiruvdan o‘tkazmoqda

2016-11-09

Farg‘ona viloyati oftalmologiya shifoxonasida Koreya Respublikasining “Vision Care Servise” xalqaro tashkiloti oftalmolog-shifokorlari aholini tibbiy tekshiruvdan o‘tkazmoqda.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2014-yil 1-avgustdagi “2014-2018-yillarda O‘zbekistonda aholining reproduktiv salomatligini yanada mustahkamlash, onalar, bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish borasidagi Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori hamda “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida aholi, xususan, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilishga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar bermoqda. Bunday ezgu ishlarga “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi ham munosib hissa qo‘shayotir.

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi sohaga oid davlat dasturlari ijrosini ta’minlash, bemor va nogiron bolalarni sog‘lomlashtirish maqsadida xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikda qator loyihalarni amalga oshirmoqda. Germaniyaning “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti, Koreya Respublikasining “Save the Children” xalqaro fondi va boshqa muassasalar bilan o‘rnatilgan hamkorlik natijasida tug‘ma yurak nuqsoni, qo‘l-oyoq bo‘g‘imlari, teri kuyishi asoratlari va boshqa xastaliklar bilan og‘rigan bir guruh bolalar bepul sog‘lomlashtirildi.

O‘tgan yili mazkur shifoxonada Janubiy koreyalik shifokorlar Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari aholisini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazgan edi. Ko‘rik davomida 100 dan ziyod bemordagi katarakta bartaraf etildi va ko‘z gavhari sun’iysiga almashtirildi.

Bu yilgi aksiyada ham ushbu viloyatlardan kelgan bemorlar Janubiy koreyalik malakali shifokorlar ko‘rigidan o‘tkazilmoqda. Aniqlangan kasalliklar jarrohlik amaliyoti bilan bartaraf etilayotir.

Farg‘ona viloyati oftalmologiya shifoxonasidagi sharoitlar, zamonaviy asbob-uskunalar tibbiy ko‘rikning samarali o‘tishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Janubiy Koreyadan kelgan malakali shifokorlar tomonidan o‘tkazilayotgan jarrohlik amaliyotlari viloyat shifokorlarining tajriba va mahoratini yanada oshirishga xizmat qiladi.