Sog‘lom ona va bola – yurt kelajagi

2016-11-08

Nukusda “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi ijrosi yuzasidan deputatlik nazoratining natijalari: yutuqlar, muammolar va galdagi vazifalar” mavzusida mintaqaviy seminar bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari shahar, tuman va Xorazm viloyati Kengashlari deputatlari, doimiy komissiyalar raislari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasiga yordam beruvchi Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati bo‘yicha ishchi guruhlar a’zolari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasi raisi T.Madumarov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Ijtimoiy rivojlantirish va jamoat birlashmalari masalalari qo‘mitasi raisi B.Nurabullayev, xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashi ijtimoiy-madaniy rivojlanish masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi R.Saburov va boshqalar Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda onalik va bolalikni muhofaza qilish, barkamol avlodni tarbiyalash, oilalarda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlashga qaratilgan alohida e’tibor yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi.

Davlat dasturi ijrosi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasida 11 bo‘lim va 109 banddan iborat hududiy dastur ishlab chiqilgan. Dastur ijrosiga 312 milliard 878,7 million so‘m va 6 million 618,6 ming dollar miqdorida mablag‘ ajratilgan.

Joriy yilning o‘tgan davrida 6 tibbiyot muassasasida 21 milliard 489 million so‘mlik rekonstruksiya va qurilish ishlari olib borildi. Barcha tumanlar va Nukus shahar tibbiyot birlashmalari, Taxiatosh shahar shifoxonasi, Nukus shahridagi 7-oilaviy poliklinika zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan tasdiqlangan diagnostika va davolashning xalqaro andozalari asosida 120 tibbiyot xodimi YuNISEF tomonidan chaqaloqlar reanimatsiyasi bo‘yicha o‘qitildi. 2004-2014-yillarda foydalanishga topshirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktablari qo‘shimcha ravishda, shuningdek, 2016-yilda ishga tushirilgan obyektlar 32 nomdagi sport anjomlari bilan jihozlandi.

Tadbirda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari nazorat faoliyatining huquqiy asoslari va ularni amalga oshirish mexanizmlarini, mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyaga yordam beruvchi ishchi guruh ishini yanada takomillashtirish, davlat dasturi ijrosi yuzasidan deputatlik nazoratining bugungi holati, uni amalga oshirishda siyosiy partiyalar deputatlik guruhlarining ishtiroki yuzasidan fikr almashildi.