“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi ijrosini ta’minlashda kasaba uyushmalarining ishtiroki
2016-11-07
“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi hamda Federatsiya Kengashining Davlat dasturi asosida ishlab chiqilgan tadbirlar dasturi ijrosini ta’minlash borasida joriy yilning 9 oyi davomida respublika kasaba uyushmalari tomonidan ham tizimli ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, Dasturda belgilangan oilani, onalik va bolalikni muhofaza qilish, ayollar manfaatlarini himoya qilish, sog‘lom bolani tarbiyalashda ularning rolini oshirish, kuchli, barqaror va ravnaq topayotgan davlatning negizi sifatida oila institutini mustahkamlashga yo‘naltirilgan qonunchilik va normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirishda kasaba uyushmalari ham faol ishtirok etmoqdalar. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 46-moddasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi tayyorlanishida tegishli tashkilotlar bilan hamkorlik qilinmoqda. Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT)ning 183-sonli Konvensiyasini ratifikatsiya qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish, konvensiyani implementatsiya qilishni davom ettirish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasiga takliflar berilib, muzokaralar olib borilmoqda. Shuningdek, XMTning O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan “Ishga qabul qilish uchun eng kichik yosh to‘g‘risida”gi 138-, “Bolalar mehnatining og‘ir shakllarini taqiqlash va yo‘q qilishga doir shoshilinch choralar to‘g‘risida”gi 182-, “Teng ahamiyatli mehnat uchun erkaklar va xotin-qizlarga teng haq to‘lash to‘g‘risida”gi 100-, “Onalikni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi 103-, “Mehnat va ish turlari sohasida kamsitishlar to‘g‘risida”gi 111-Konvensiyalariga ish beruvchilar tomonidan rioya etish talabi 90 276 ta jamoa shartnomalariga kiritilgan va ularga amal qilinishi yuzasidan kasaba uyushmalari tomonidan jamoatchilik nazorati olib borilmoqda.
Kasaba uyushma tashkilotlariga ayollardan tushgan jami 2 457 ta, shu jumladan, uch yoshga to‘lmagan farzandini tarbiyalayotgan 111 nafar ayolning murojaati ko‘rib chiqildi. “Ishonch telefonlari” orqali 633 nafar ayolga huquqiy maslahatlar berildi. 494 ta murojaat bo‘yicha talablar qanoatlantirilib, 339 nafar ayolning qonuniy huquqlari tiklandi.
Olis va chekka qishloq tumanlarida yashayotgan aholi, ayniqsa ayollar uchun zarur ijtimoiy, maishiy va tibbiy nuqtai nazardan zarur sharoitlar yaratish borasida ham amaliy ishlar olib borilmoqda. Xususan, mustaqillik bayrami arafasida respublikaning chekka qishloq tumanlarida yashovchi 4 060 nafar ayol jami 1 mlrd. 800 mln. so‘mlik O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan elektr-maishiy texnika tovarlari bilan ta’minlandi. Farg‘ona viloyati kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi tomonidan go‘daklar uyiga, viloyat hududlaridan 19 nafar nogiron bolalarga, Quva va Beshariq tumanlaridagi ona-bola tibbiy sihatgohlariga homiylik yordamlari ko‘rsatildi.
Aholining tibbiy madaniyatini oshirish, sanitariya va gigiyena, homilador ayollarning sog‘lig‘ini saqlash va psixofiziologik ahvolini yaxshilash, yosh onalar va bolalarni tegishli tarzda parvarish qilish sohasidagi ishlarni kuchaytirish yo‘nalishida respublikaning chekka hududlaridagi ishlovchi 336 nafar ayol, 280 nafar ta’lim hamda tibbiyot xodimlari kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriylarda bepul sog‘lomlashtirildi. Farzand ko‘rmagan yosh oilalarning 147 nafar ishlovchi a’zolariga “Umid gulshani” sanatoriysiga yo‘llanmalar berildi. Shuningdek, sanatoriylar atrofida joylashgan mahallalarda yashovchi 1071 nafar onalar va bolalarni tashxislash, ambulator sharoitda sog‘lomlashtirish ishlari amalga oshirildi.
Xotin-qizlar kasallikka chalinishining oldini olish yuzasidan ham kompleks profilaktika chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda. Xususan, korxona va tashkilotlarda mehnat qilayotgan xotin-qizlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tishlarini ta’minlash bo‘yicha olib borilgan monitoring natijalariga ko‘ra 2 377 665 nafar xotin-qizlarning tibbiy ko‘rikdan o‘tganliklari aniqlandi. Ayollarni noqulay ishlab chiqarish omillaridan himoyalash bo‘yicha 468 ta korxonada tushuntirish ishlari, 315 ta korxonada treninglar o‘tkazildi.
Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi tomonidan tibbiy ko‘makka muhtoj, qandli diabet kasalligiga chalingan, tug‘ma eshitish qobiliyati past bo‘lgan 280 nafar reproduktiv yoshdagi ayollar va 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarga tibbiy anjomlar – eshitish apparatlari, glyukometr (test poloskasi) bilan ta’minlandi.
Yoshlar orasida jismoniy tarbiya va sportni keng ommalashtirish, yoshlarni, ayniqsa qishloq joylarda qizlarni sport bilan muntazam shug‘ullanishga jalb etish, yangi sport ob’ektlarini qurish, ishlab turganlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy sport uskunalari va anjomlari bilan jihozlash yo‘nalishidagi ishlarga ham munosib hissa qo‘shilmoqda. Xususan, Federatsiya Kengashi tomonidan tashkil etilgan “Sog‘lom oila” oilaviy sport musobaqalarining korxona, tashkilot bosqichlarida 100 329 ta, tuman bosqichlarida 2 961 ta, hududiy bosqichlarida 372 ta, respublika bosqichida 28 ta oilaviy jamoalar ishtirok etdi.
“Kasaba-Tur” respublika velomarafonining quyi bosqichlarida 23 ming 694 ta korxona, tashkilot va muassasalarning 3 mln. 200 mingdan ortiq xodimlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bosqichlarida 7 ming nafardan ortiq havaskor velosportchilar qatnashdi.
“YOsh chegarachi” sport musobaqalarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichlari o‘tkazilishida hududiy kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmalari kengashlari, respublika yakuniy bosqichida Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi hamkorlik qildilar.
Tizimdagi “Turon”, “Umid gulshani”, “Termiz marvaridi”, “Oqtosh” sanatoriylarida qurilish, rekonstruksiya va kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, barcha sanatoriylardagi mavjud “Ona va bola” bo‘limlarida oilaviy dam olish va bolalar uchun barcha zarur sharoitlar yaratildi.
“Kasaba uyushmalari – bolalarga” aksiyasi doirasida respublikaning turli hududlaridagi 17 ta tayanch maktab-internatga homiylik yordami ko‘rsatildi. 12 ming nafar birinchi sinf o‘quvchilariga jami sanitariya-gigiyena to‘plamlari topshirildi.
Xizmat vazifasini bajarish vaqtida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va ichki ishlar xodimlarining oilalariga Vatan himoyachilari kuni, Xotira va qadrlash kuni hamda Mustaqillik bayramlari munosabati bilan moddiy va manzilli yordamlar ko‘rsatildi. Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, iqtidorli o‘quvchilar va ehtiyojmand oilalarning 13 989 nafar farzandlari muzeylar, madaniyat va istirohat bog‘lariga, teatrlarga olib borildi. “Biz – Mustaqillik farzandlarimiz” shiori ostida 1 228 nafar bolajonlarning tarixiy shaharlarga sayohati tashkil etildi. Har bir hududdan 10 nafardan, jami 140 nafar ko‘zi ojiz talaba va o‘quvchilarga maxsus maktab anjomlari berildi.
Jamoa shartnomalari va kelishuvlari orqali 7 200 ta korxonada boquvchisini yo‘qotgan, ehtiyojmand oilalarning 23 593 nafar farzandlari o‘quv anjomlari bilan ta’minlanib, 1 346 ta korxonalar xodimlarining 4 877 nafar farzandi uchun sport to‘garaklariga qatnash harajatlari qoplandi. Shuningdek, 3 533 ta korxonada 5 019 nafar ayollarni homiladorlik va tug‘ish ta’tillari kunini uzaytirish, 6 525 ta korxonada 2 yoshdan 3 yoshgacha farzandlari bo‘lgan 15 292 nafar ayollarga moddiy yordam ko‘rsatish, nodavlat mulk shaklidagi 3 653 korxona va tashkilotlarda mehnat qilayotgan 6 442 nafar yosh bolali ayolga oylik maoshi saqlangan holda ish vaqtini haftasiga 35 soatdan oshmaydigan qilib belgilash tadbirlari amalga oshirildi. Respublikaning chekka tuman qishloqlaridagi ishlayotgan 959 nafar ayollarning Xiva, Toshkent, Samarqand, Buxoro kabi tarixiy shaharlarga sayohatlari uyushtirildi.
Barcha bo‘g‘indagi kasaba uyushma tashkilotlarida “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” shiori ostida “Ayoli qadrlangan diyor”, “Ayol borki olam munavvar”, “Ayol oila qo‘rg‘oni va charog‘boni” kabi mavzularda madaniy-ma’rifiy tadbirlar, davra suhbatlari va uchrashuvlar o‘tkazildi.
Qiz bolalarni – bo‘lajak onalarni – jismonan sog‘lom va intellektual rivojlangan tarzda voyaga yetkazish, ularning akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarida albatta ta’lim olishini, zamonaviy bilimlar va kasb-hunarlarga ega bo‘lishlarini ta’minlash, ularning hayotda munosib o‘rinni egallashlarida hissa qo‘shishga qaratilgan tadbirlar doirasida, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi tomonidan Oliy va o‘rta mahsus o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan 300 nafar ehtiyojmand, iqtidorli talaba qizlarga bir martalik kasaba uyushma stipendiyasi berildi.
2016 yilgi Manzilli dasturga asosan Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan Surxondaryo viloyatidagi “Amudaryo sohili”, “Beshbuloq Surxon-SHerobod”, Xorazm viloyatidagi “Avtomobilchi”, Andijon viloyatidagi “Bog‘ishamol” oromgohlarida keng ko‘lamli qurilish, rekonstruksiya ishlari bajarildi. Joriy yilning yoz mavsumida jami 1 214 ta oromgoh faoliyat yuritib, ularda 303 ming 74 nafar bola (statsionar oromgohlarda 163 ming 828, kunduzgi oromgohlarda 139 ming 246 nafar) dam oldirildi. Shu jumladan 4 560 nafar Orolbo‘yi hududi bolalari, 500 nafar iqtidorli bolalar, “Angren-Pop” elektrlashtirilgan temir yo‘lining qurilishida ishtirok etgan xodimlarning 20 nafar farzandi, “Mehribonlik” uylarining 2 ming 807 nafar tarbiyalanuvchisi, turli tarmoqlarda mehnat qilayotgan xodimlarning qariyb 45 ming nafar farzandi, respublika mahallalarida istiqomat qiluvchi ehtiyojmand oilalarning 4 ming 73 nafar o‘g‘il-qizlari davlat budjeti, kasaba uyushmalari, “Mahalla” jamoat fondi hamda korxona, tashkilotlar mablag‘lari hisobidan bepul sog‘lomlashtirildi.
Kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini, avvalo qizlarni ishga joylashtirish, o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish ishtiyoqidagi yoshlarga imtiyozli kreditlar, yosh oilalarga uy-joy sotib olish va qurish uchun ipoteka kreditlari, uzoq muddat foydalaniladigan tovarlar xarid qilish uchun iste’mol kreditlari ajratish chora-tadbirlarini ta’minlash maqsadida, jamoa shartnomalari va kelishuvlari orqali 1 007 ta korxonada 2 790 ta yosh oilaga uzoq muddat foydalaniladigan tovarlar harid qilish hamda uy-joy qurish uchun foizsiz csudalar ajratildi. 18 846 ta korxonada yosh oilalardan 53 408 nafariga moddiy yordam ko‘rsatildi. Aholiga servis va pullik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shahobchalar tashkil etish orqali kasaba uyushmalari tomonidan kollej bitiruvchilari va vaqtincha band bo‘lmagan kishilar uchun respublika bo‘yicha jami 4 525 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.
“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi ijrosi yo‘nalishidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.