Maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyati takomillashmoqda

2016-11-07

Gulistonda maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi, YuNISEF, Sirdaryo viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi va O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda viloyat xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash boshqarmalari mas’ul xodimlari, maktabgacha ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda aholi salomatligini, ayniqsa, onalik va bolalikni muhofaza qilish, maktabgacha ta’lim muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi. Xususan, yosh avlodni jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk insonlar etib tarbiyalash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish davlatimizning doimiy e’tiborida bo‘lib kelmoqda. O‘zbekiston Respublikasining “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonuni bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

– Viloyatdagi 151 maktabgacha ta’lim muassasasida 20 mingga yaqin bola tarbiyalanmoqda, – deydi Sirdaryo viloyati xalq ta’limi boshqarmasining maktabgacha ta’lim muassasalari bo‘yicha yetakchi mutaxassisi Gulbahor Parpiyeva. – Ta’lim-tarbiya sifati va samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotir. Jumladan, sohadagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, ko‘rgazmali seminarlar tashkil etish yo‘lga qo‘yilgan. “Yilning eng yaxshi ta’lim muassasasi”, “Eng namunali mudira”, “Yil tarbiyachisi” ko‘rik-tanlovlari muntazam o‘tkazilmoqda. Ayniqsa, “Zumradoylar davrasi”, “Sirdaryoning jajji go‘zali”, “Biz inglizcha so‘zlashamiz” ko‘rik-tanlovlari, “Sog‘lomjon-polvonjon”, “Shaxmat-shashka”, “Kichkintoy-shirintoy” kabi sport bellashuvlari bolalarning sog‘lom ulg‘ayishiga xizmat qilishi bilan birga, ularda vatanparvarlik va milliy qadriyatlarimizga hurmat tuyg‘ularini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Joriy yilda viloyatdagi 71 maktabgacha ta’lim muassasasi 12 turdagi o‘quv jihozlari bilan to‘liq ta’minlandi. 12 tasi tubdan rekonstruksiya qilinib, moddiy-texnik bazasi yanada mustahkamlandi.

Tadbirda maktabgacha ta’lim muassasalarida zamonaviy sharoit yaratish, ularni moliyalashtirish, bola shaxsini rivojlantirishga qaratilgan ta’lim tamoyillari, bolalarning xorijiy tillarni o‘zlashtirishiga alohida e’tibor qaratish, bu borada erishilayotgan yutuqlarni keng targ‘ib etish yuzasidan fikr almashildi.