Joriy yilda qishloq aholisini dori-darmon va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash ko‘lami kengaydi
2016-11-07
Surxondaryo viloyatida “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida 500 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ o‘zlashtirildi.
Onalar va bolalar, aholining reproduktiv salomatligini yanada yaxshilash, tibbiy madaniyatini yuksaltirishga yo‘naltirilgan mablag‘ evaziga viloyatdagi tibbiyot muassasalari, ayniqsa, perinatal va skrining markazlarining moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyati yanada mustahkamlandi. Oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlarining ish samaradorligi yuksaldi. Patronaj tibbiyot hamshiralari xizmat sifati, akusher-ginekolog va bolalar shifokorlari malakasi oshirildi. Qishloq aholisini dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash yaxshilandi.
Navqiron avlodning jismonan sog‘lom ulg‘ayishi uchun joylarda bolalar sporti inshootlari barpo etildi, mavjudlari rekonstruksiya qilindi va zamonaviy sport anjomlari, malakali murabbiylar bilan ta’minlandi.
Davlat dasturi ijrosi doirasida viloyatdagi 8 tuman tibbiyot birlashmasi, Denov tumani silga qarshi kurash dispanseri, Denov tumanidagi 2-viloyat ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasi, viloyat teri-tanosil kasalliklari dispanseri, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Surxondaryo viloyati filiali va Termiz shahridagi 3-oilaviy poliklinikada qurilish-rekonstruksiya va kapital ta’mirlash ishlari olib borildi. 15 birlamchi tibbiyot muassasasi mahalliy hokimlik va homiylarning 200 million so‘mga yaqin mablag‘i hisobidan kapital va joriy ta’mirlandi. Qishloq aholisi, xususan, onalar va bolalarni dori-darmon va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash ko‘lami kengaydi. Mavjud 245 qishloq vrachlik punktining 230 tasida fitobar, 155 tasida ichki dorixona tashkil etildi.
Qishloqlardagi birlamchi tibbiyot muassasalarida “Surxon dori-darmon” mas’uliyati cheklangan jamiyatining 78 dorixona shoxobchasi xizmat ko‘rsatmoqda.
Sho‘rchi tumanidagi “Dalvarzin” qishloq vrachlik punktining “Tolli” filialida ham aholini arzon, sifatli dori-darmon va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlaydigan dorixona shoxobchasi ish boshladi.
– Hududimizda istiqomat qilayotgan 17 mingdan ziyod aholining qariyb yarmi xotin-qizlar va bolalardir, – deydi "Tolli" filiali bosh shifokori Mengqobil Nurmamatov. – Aholining tibbiy madaniyatini oshirish, reproduktiv salomatligini mustahkamlash, sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etish, homilador ayollarning sog‘ligini saqlash, psixofiziologik ahvolini yaxshilash, yosh onalar va bolalarni tegishli tarzda parvarish qilish doimiy e’tiborda. Filial qoshida ish boshlagan dorixona shoxobchasi ham aholiga bir qator qulaylik yaratdi. Endilikda bemorlar barcha turdagi sifatli, arzon dori-darmonni shu yerning o‘zidan xarid qilmoqda.
Viloyatda dorixona shoxobchalari mavjud bo‘lmagan qishloq vrachlik punktlarini “Surxon dori-darmon” mas’uliyati cheklangan jamiyatining zamonaviy “Isuzu” va “Damas” rusumli maxsus jihozlangan ko‘chma dorixonalari arzon, sifatli dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan uzluksiz ta’minlayotir. Yilning o‘tgan davrida ko‘chma dorixonalar olis qishloqlar aholisiga 500 million so‘mlikdan ortiq zarur dori-darmon yetkazib berdi.
Dasturga muvofiq, tibbiyot muassasalarini malakali kadrlar bilan ta’minlash, ularni qayta tayyorlash va malakasini oshirish, sohaga davolashning ilg‘or usullarini joriy etishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
– Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti, Samarqand vrachlar malakasini oshirish fakultetida 500 shifokor malakasini oshirib qaytdi, – deydi Surxondaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Abdusamat Norqobilov. – Malakali mutaxassislar bilan ta’minlash samaradorligini oshirish maqsadida o‘z mutaxassisligi bo‘yicha 106 shifokor, maqsadli klinik ordinaturani tamomlagan 20 ga yaqin yosh shifokor shahar, tuman va viloyat davolash-profilaktika muassasalariga ishga qabul qilindi. 32 shifokor qayta tayyorgarlikdan o‘tkazilib, kadrlar tanqisligi yuqori bo‘lgan hududlarga ishga yuborildi. Sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ona va bola salomatligini muhofaza qilishga davlat darajasida e’tibor qaratilayotgani tug‘ma nuqson bilan tug‘ilgan bolalarni imtiyozli davolash uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda. Jumladan, yuqori lab, qattiq tanglay va oyoqning tug‘ma nuqsonlari, bo‘yin qiyshayishi bilan bog‘liq tug‘ma ortopedik kasalliklarga chalingan bolalar mamlakatimizning turli shifoxonlarida imtiyozli, Respublika bolalar suyak-sil va osteomiyelit kasalliklari sanatoriysida bepul davolandi. Tug‘ma yurak nuqsoniga chalingan bolalar Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasi kardioxirurgiya bo‘limida, kuyish asoratlari bo‘lgan bolalar plastik jarrohlik bo‘limida imtiyozli davolanib, salomatligini tikladi.
Sog‘lom kelajagimizni ta’minlashga xizmat qiladigan ushbu dastur ijrosi doirasida chekka hududlarda istiqomat qilayotgan ayollar va bolalar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Aniqlangan kasalliklarni ambulator va statsionar davolash choralari ko‘rildi. Bunda tug‘ish yoshidagi ayollar salomatligiga alohida e’tibor qaratilib, bepul dori vositalari, servitamin oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi. Bolalar va ayollar o‘rtasida turli sport musobaqalari tashkil etildi. Tibbiy madaniyatni yuksaltirish, sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilish tartibi, erta turmush va yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning salbiy oqibatlari, yosh kelin-kuyovlarni nikohdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishning ahamiyati, salomatlikni asrashda sportning o‘rni kabi mavzularda targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.
Viloyatda “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida belgilab olingan chora-tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.