Farg‘ona viloyatida investitsiya dasturi doirasida 105 loyiha amalga oshirildi
2016-11-07
Joriy yilning o‘tgan davrida Farg‘ona viloyatida hududiy investitsiya dasturiga muvofiq 123 milliard so‘mlik 105 istiqbolli loyiha amalga oshirildi.
Mamlakatimizda iqtisodiyotni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, sanoatni jadal rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayonida mahalliy va xorijiy sarmoyalarni jalb etgan holda ishlab chiqarishni kengaytirish, korxonalar eksport salohiyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilayotir.
Farg‘ona viloyatida ham xorij kapitali ishtirokida ko‘plab ishlab chiqarish obyektlari ishga tushirilmoqda.
– Mamlakatimizda qulay investitsiya muhiti yaratilgani joylarda xorijlik sarmoyadorlar ishtirokida ishlab chiqarish subyektlari tashkil etish, aholini ish bilan ta’minlash, eng muhimi, xalqimiz farovonligi muttasil oshib borishida muhim omil bo‘lmoqda, – deydi Farg‘ona viloyati tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo boshqarmasi boshlig‘i R.Sulaymonov. – Joriy yilning 9 oyida investitsiya dasturi doirasida 11 ishlab chiqarish loyihasi uchun 154,2 milliard so‘m mablag‘ o‘zlashtirildi. 11 qo‘shma korxona tashkil etilib, 16 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya yo‘naltirildi.
Investitsiyalarning asosiy qismi yengil sanoat, elektrotexnika, qurilish materiallari ishlab chiqarish va kimyo sanoatiga to‘g‘ri kelmoqda. Birinchi Prezidentimizning 2015-yil 4-martdagi “2015-2019 yillarda ishlab chiqarishni tarkibiy o‘zgartirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilishni ta’minlash chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida” farmoni asosida yirik korxonalarda 296,6 million dollarga teng bo‘lgan 18 investitsiya loyihasi belgilangan bo‘lib, ayni paytda bu borada salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Yaqinda ish boshlagan Farg‘ona shahridagi “Fergana oseana textile” O‘zbekiston – Tailand qo‘shma korxonasi ana shulardan biridir. Korxonada 15 milliard so‘mlikdan ziyod qurilish-rekonstruksiya ishlari bajarildi. Tailand kompaniyasi bilan tuzilgan hamkorlik shartnomasiga asosan xorijdan 6 million yevrolik paxtani qayta ishlovchi va ip-kalava ishlab chiqaruvchi zamonaviy jihozlar keltirib, o‘rnatildi.
Jamiyatda yiliga 3 ming 600 tonna paxta xomashyosini qayta ishlash va sifatli, raqobatbardosh ip-kalava ishlab chiqarish imkoniyati mavjud. Mahsulotlar Yevropa davlatlari, Rossiya va Xitoyga eksport qilinadi.
"Indorama Qo‘qon tekstil" xorijiy korxonasida yigiruv korxonasi tashkil etish (IV-bosqich)", “Humo to‘qimachi”, “Bulut tekstil”, “Beshariq to‘qimachi” mas’uliyati cheklangan jamiyatlarida ham yangi loyihalarning amalga oshirilishi tufayli ishlab chiqarish hajmi oshdi, ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar ham hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bularning barchasi shahar va qishloqlarimiz obodligi, xalqimiz farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.