Andijonda imkoniyati cheklangan bolalar o‘rtasida sport festivali o‘tkazildi
2016-11-04
Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar gimnastika maktabida 14 yoshgacha bo‘lgan imkoniyati cheklangan bolalar o‘rtasida “Gimnastika barcha uchun” shiori ostida sport festivali bo‘lib o‘tdi.
“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi, madaniyat va sport ishlari boshqarmasi, Gimnastika federatsiyasi, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi viloyat filiali hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni, ayniqsa, bolalar sportini rivojlantirish, yosh avlodning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zamonaviy sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
– Xotin-qizlar, bolalar salomatligini mustahkamlashda sportning o‘rni katta, – deydi viloyat hokimi o‘rinbosari, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Manzura Yunusova. – Shu bois ayni paytda xotin-qizlar va bolalar o‘rtasida sportni keng targ‘ib qilish, ayniqsa, uy bekalari, yosh qizlarni sport bilan ommaviy va muntazam shug‘ullanishga jalb etish, murabbiyalar faoliyati hamda iste’dodli qizlarning intilishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlar izchil va tizimli ravishda olib borilmoqda.
Yaratilayotgan bunday sharoitlar, xususan, imkoniyati cheklangan bolalar o‘rtasida sportni rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar tufayli nafaqat ularning salomatligi yaxshilanmoqda, balki o‘zlariga bo‘lgan ishonch, maqsad sari intilish ortmoqda. Viloyat, mamlakat va xalqaro miqyosdagi turli sport musobaqalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritayotgan yosh sportchilar safi yildan-yilga kengaymoqda. Buni Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tgan XV yozgi paralimpiya o‘yinlarida g‘olib bo‘lgan Fotima Amilova, Muslima Odilova va Shohsanam Toshpo‘latova singari andijonlik paralimpiyachilar misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.
Sport festivali doirasidagi gimnastika musobaqalarida viloyatdagi maxsus maktab-internatlar, Muruvvat uylari tarbiyalanuvchilaridan tashkil topgan 9 jamoa tarkibida 110 o‘g‘il-qiz ishtirok etdi. Asaka tumanidagi 16-maxsus maktab-internati jamoasi birinchi, Shahrixon tumanidagi 15-maxsus maktab-internati jamoasi ikkinchi va Xo‘jaobod tumanidagi zaif eshituvchi bolalar maxsus maktab-internati jamoasi uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Shuningdek, turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi.
G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan munosib rag‘batlantirildi.