Tuman va shahar tibbiyot birlashmalariga reanimobillar topshirildi

2016-11-02

Farg‘ona viloyati tuman va shahar tibbiyot birlashmalariga“Salomatlik-3” loyihasi doirasida reanimobil avtomobillari topshirildi.

Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilgan izchil islohotlar aholi salomatligini asrash, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, tibbiy xizmat sifatini yanada oshirishda yuksak samaralar bermoqda.

Farg‘ona viloyatida ham sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish davlat dasturi asosida birlamchi tibbiy-sanitariya xizmatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotir. Jumladan, viloyatdagi 283 qishloq vrachlik punktining barchasi yangi bunyod etilgan va kapital rekonstruksiya qilingan binolarda faoliyat yuritmoqda. “Salomatlik-3” loyihasi asosida zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanmoqda.

– Bugun viloyatning eng chekka hududida ham zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun barcha sharoit yaratilgan, – deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasining “Salomatlik-3” loyihasi rahbari Qahramon Otabolayev. – Keyingi besh yilda mazkur loyiha asosida 6,4 milliard so‘mlik tibbiy jihozlar keltirildi. Qo‘qon, Marg‘ilon, Quvasoy shaharlari, Beshariq, Dang‘ara, Buvayda, Oltiariq, Qo‘shtepa, Yozyovon, Quva va Farg‘ona tumanlariga berilgan “Nissan” rusumli reanimobil avtomobillari ham aholi salomatligini mustahkamlash, tez tibbiy yordam sifatini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.