Sog‘lom turmush – salomatlik garovi

2016-11-01

Farg‘onada viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi va viloyat OITSga qarshi kurash markazi hamkorligida “Men OITSning oldini olish tarafdoriman” mavzuida davra suhbati o‘tkazildi.

"Sog‘lom ona va bola yili" Davlat dasturi ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizda aholining tibbiy madaniyatini yuksaltirish, turli yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish, oilalarda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.

Aholi, xususan yoshlarni turli yot g‘oyalar, giyohvandlik, ichkilikbozlik, OITS kabi illatlar ta’siridan asrashga alohida e’tibor qaratilayotir. Birinchi Prezidentimizning 2008-yil 26-dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida OIV infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurashning samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 5-yanvardagi “OITSga qarshi kurash markazlarining tashkiliy tuzilmasini va faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

– OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har tomonlama sog‘lom farzandlar tug‘ilishini ta’minlash maqsadida nikohdan oldingi tibbiy ko‘rik jarayonida bo‘lajak kelin-kuyovlarning barchasi OITS tekshiruvidan o‘tkazilmoqda, – deydi viloyat OITSga qarshi kurash markazi bosh shifokori B.Qodirov. – Ta’lim muassasalarida sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotiga bag‘ishlangan davra suhbatlari, uchrashuv va seminarlar tashkil etilmoqda. Umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari va mahallalarda “Biz – sog‘lom turmush tarafdorimiz”, “Biz, yoshlar OITSga qarshimiz” kabi mavzularda aksiyalar, rasmlar tanlovlari va targ‘ibot-tashviqot tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Tadbirda aholining OITS kasalligi haqidagi bilimi va ogohligini oshirish borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish yuzasidan fikr almashildi.